
O‘zbekiston asalchilari so‘nggi yillarda xalqaro bozorda o‘z o‘rnini mustahkamlashda davom etmoqda. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil boshidan 2025 yilning to‘rt oyigacha bo‘lgan davr mobaynida yurtimiz 206 ming dollarlik 64 tonna asalni eksport qildi.
AQSH va Afg‘oniston — asosiy xaridorlar
Eksport qilingan asalning qariyb 92 foizi AQSHga yetkazib berilgan. Qo‘shimcha ravishda 7 foiz asal Afg‘oniston bozoriga jo‘natilgan. E’tiborli jihati, 2025 yilda ilk bor Xitoyga ham asal eksport qilish yo‘lga qo‘yildi — bu yangi bozorlarga chiqish yo‘lida muhim qadam sifatida qayd etilmoqda.
Asalari paketlari — yangi eksport xiti
Faqat asal emas — O‘zbekiston asalarichilari asalari paketlari savdosini ham jadallashtirmoqda. 2024 yil boshidan 2025 yilning to‘rt oyigacha bo‘lgan muddatda 5 million AQSH dollari miqdorida 260 ming dona asalari paketlari xorijiy bozorlarga yetkazilgan.
Bu mahsulotlar asosan Rossiya, Qozog‘iston va Armaniston kabi mamlakatlarga eksport qilingan bo‘lsa, bu yil eksport geografiyasiga Tojikiston ham qo‘shildi.
Quvonarli tomoni, asalari paketlari eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 baravarga o‘sdi.
Zamin.uz tahririyatidan:
O‘zbekiston asal bozoridagi bunday ijobiy o‘zgarishlar qishloq xo‘jaligi sohasining eksportbop salohiyati yanada yuksalayotganini ko‘rsatmoqda. Asal hamda asalari mahsulotlariga bo‘lgan xalqaro talab fonida mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilayotir.
Siz bu borada qanday fikrdasiz? Asal eksport salohiyati yana qaysi bozorlarda o‘sishi mumkin? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar