JPMorgan birinchi chorakda Bitcoin ETF investitsiyalarini oshirdi

JPMorgan Chase banki joriy yilning birinchi choragida Bitcoin bilan bog‘liq birja fondlaridagi (ETF) ulushini sezilarli darajada oshirdi. 13F hisobotiga ko‘ra, bank BlackRock kompaniyasining iShares Bitcoin Trust (IBIT) fondidagi pozitsiyasini 174 foizga ko‘paytirib, aksiyalar sonini 3 milliondan 8,3 million donaga yetkazdi. Ushbu sarmoya qiymati qariyb 162 million dollarni tashkil etadi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
CoinGlass ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi chorakda Bitcoin narxi 22 foizdan ko‘proq pasayganiga qaramay, JPMorgan kriptoaktivlar bozoridagi faolligini saqlab qoldi. Bank nafaqat IBIT, balki Fidelity Wise Origin Bitcoin Fund (FBTC) va Bitwise Bitcoin ETF (BITB) kabi boshqa spot Bitcoin fondlaridagi ulushlarini ham mos ravishda 450 va 900 foizga oshirdi.
Shuningdek, bank ProShares Bitcoin Strategy ETF (BITO) fyuchers fondidagi pozitsiyasini 3000 foizdan ortiqqa kengaytirib, kripto-bozorga bo‘lgan qiziqishini namoyish etdi. Alternativ aktivlar bo‘yicha esa JPMorgan ilk bor Bitwise Solana Staking ETF (BSOL) fondiga 523 ming dollarlik sarmoya kiritdi.
Ethereum bilan bog‘liq aktivlar borasida ham o‘sish kuzatildi. Xususan, iShares Ethereum Trust (ETHA) fondidagi ulush 36 foizga oshirildi va Bitwise Ethereum ETF (ETHW) fondiga investitsiyalar ko‘paytirildi. Bu harakatlar kripto-bozoridagi umumiy pasayish fonida bankning tanlangan aktivlarga bo‘lgan strategik yondashuvini ko‘rsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!