Kripto faollari senator Elizabeth Warrenʻning OCC boʻyicha iddaolariga qarshi

The Digital Chamber kriptovalyuta himoya guruhi Massachusets shtati senatori Elizabeth Warrenʻning kripto kompaniyalarga bank litsenziyalarini berish borasidagi qonuniy tushunchasini shubha ostiga oldi. Tashkilot rahbari Cody Carbone AQSH Valyuta nazorati boshqarmasi (OCC) rahbari Jonathan Gouldʻga yoʻllagan maktubida senatorning iddaolarini rad etdi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Avvalroq Elizabeth Warren OCC toʻqqizta kripto kompaniyaga, jumladan Coinbase, Ripple va Circle kabi gigantlarga milliy trast litsenziyalarini berish orqali qonunchilikni buzgan boʻlishi mumkinligini aytgan edi. Senatorning fikricha, bu kompaniyalar qonun bilan ruxsat etilgan tor doiradagi faoliyatdan chetga chiqishni koʻzlamoqda.
Cody Carbone esa ushbu ayblovlarni asossiz deb atadi. Uning taʼkidlashicha, ushbu kompaniyalar federal nazoratdan qochish oʻrniga, ixtiyoriy ravishda OCC tekshiruvidan oʻtishga va barcha muvofiqlik majburiyatlarini bajarishga rozi boʻlishgan. Bu esa ularning bank tizimi xavfsizligiga tahdid solmasligidan dalolat beradi.
Senator Warren, shuningdek, ushbu litsenziyalar berilishida Oq uyning taʼsiri borligiga shama qilgan. U Donald Trumpʻning kripto sanoati bilan aloqalari manfaatlar toʻqnashuviga olib kelishi mumkinligidan xavotirda. Hozirda OCC Donald Trump oilasi tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan World Liberty Financial va Kraken birjasining ona kompaniyasi Payward arizalarini koʻrib chiqmoqda.
The Digital Chamber vakillari siyosiy bosim ostida OCC qonuniy qarorlaridan voz kechmasligi kerakligini taʼkidlamoqda. Hozirgi vaqtda jami 14 ta raqamli aktivlar kompaniyasi litsenziya olish uchun ariza topshirgan va bu jarayon AQSH iqtisodiyoti hamda kripto bozori uchun muhim ahamiyatga ega.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!