Bitcoin kitlari xaridni toʻxtatdi: Talab pasayishi narxga bosim oʻtkazmoqda

CryptoQuant tahliliy platformasining soʻnggi hisobotiga koʻra, Bitcoin bozorida yirik investorlar oʻrtasida talabning sezilarli darajada pasayishi kuzatilmoqda. 1 000 dan 10 000 gacha Bitcoin (BTC) saqlaydigan "kitlar" hisoblaridagi yillik balans oʻsishi joriy yildagi eng tez surʼatlarda manfiy koʻrsatkichga oʻtdi. Fevral oyidan buyon oylik oʻsish deyarli toʻxtagan boʻlib, bu bozorda aktivlarni toʻplashdan koʻra, ularni sotish (distribusiya) jarayoni boshlanganidan dalolat beradi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
ETF va korporativ gʻaznalarni oʻz ichiga olgan 100 dan 1 000 gacha BTC egalari, yaʼni "delfinlar" guruhida ham oʻsish surʼatlari keskin sekinlashgan. CryptoQuant tahlilchilarining taʼkidlashicha, tarixan bunday davrlar narxning uzoq muddatli zaiflashuvidan oldin sodir boʻlgan. Chunki aynan ushbu guruhlar Bitcoin bozoridagi tarkibiy talabning asosiy manbai hisoblanadi.
Makroiqtisodiy va geosiyosiy noaniqliklar fonida kripto bozordagi pasayish tendensiyasi chuqurlashmoqda. Garchi uzoq muddatli egalar qoʻlidagi taklif 15,8 million BTC bilan rekord darajaga yetgan boʻlsa-da, bu bozorda yangi ishtirokchilar yoʻqligidan dalolat beruvchi "bearish" (ayiqlar bozori) signali sifatida baholanmoqda. Hozirda umumiy Bitcoin taklifining qariyb 40 foizi zarar koʻrayotgan investorlar qoʻlida qolmoqda.
HashKey Group tadqiqotchisi Tim Sunning fikricha, Bitcoin narxi 55 000 va 60 000 USD oraligʻida oʻzining real tub nuqtasini topishi mumkin. Biroq bu prognoz AQSH va Eron oʻrtasidagi ziddiyatlar kuchaymasligi hamda Fed foiz stavkalarini oshirmasligi sharti bilan amal qiladi. Hozircha bozor ishtirokchilari oʻrtasida pessimistik kayfiyat ustunlik qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!