AQSH Eronga tegishli 1 milliard dollarlik kriptovalyutani musodara qildi

AQSH Gʻaznachilik kotibi Scott Bessent juma kuni Reygan milliy iqtisodiy forumida chiqish qilib, Eronning taxminan 1 milliard dollar miqdoridagi kripto aktivlari qoʻlga olinganini maʼlum qildi. Bessentning soʻzlariga koʻra, baʼzi hamyon egalari mablagʻlari yoʻqolganini hali ham sezmagan boʻlishi mumkin. "Biz ularning kripto hamyonlarini toʻgʻridan-toʻgʻri egallab oldik. Baʼzilar hozirda tizimga kirishga urinayotgan boʻlishi va hamyonlari qoʻlga olinganini hali tushunmagan boʻlishi mumkin", — deya qoʻshimcha qildi u. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Ushbu musodara jarayoni AQSHning Eronga nisbatan moliyaviy bosim oʻtkazishga qaratilgan "Operation Economic Fury" (Iqtisodiy gʻazab operatsiyasi) doirasida amalga oshirildi. 2025-yil mart oyida boshlangan ushbu operatsiya Eron aktivlarini bir necha yoʻnalishda nishonga olgan: Bitcoin va boshqa kriptovalyutalarni musodara qilish, bank hisoblarini muzlatish hamda Yevropa ittifoqchilari bilan hamkorlikda koʻchmas mulklarni tortib olish shular jumlasidandir.
Scott Bessentning taʼkidlashicha, Eron iqtisodiyoti hozirda ogʻir ahvolda. Mamlakatda inflyatsiya 200 foizdan oshgan, oziq-ovqat vaucherlari tarqatilmoqda va internet oʻchirib qoʻyilgan. Shuningdek, Eron qoʻshinlarining 40-50 foizi maosh olmayotgani aytilmoqda. Gʻaznachilik kotibiga koʻra, AQSH aralashuviga qadar rejim har oy 400-500 million dollarni oʻzlashtirib, ushbu mablagʻlarni 80 ga yaqin rahbarlar oʻrtasida taqsimlab kelgan.
Yangi eʼlon qilingan 1 milliard dollarlik koʻrsatkich aprel oyi oxirida eʼlon qilingan 500 million dollardan ikki baravar koʻpdir. Bu orada Eron Hormuz boʻgʻozini nazorat qilish orqali Bitcoin asosidagi sugʻurta modelini joriy etishni rejalashtirmoqda. "Hormuz Safe" deb nomlangan platforma orqali raqamli dengiz sugʻurtasini Bitcoinʼda sotish va blokcheyn orqali hisob-kitob qilish koʻzda tutilgan boʻlib, bu mamlakatga 10 milliard dollardan ortiq daromad keltirishi taxmin qilinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!