Qaysi qoidabuzarlik uchun 20,6 million so‘m jarima belgilangan?

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga nisbatan jarima ballari tizimi qo‘llanilmoqda.
Tizimda har bir huquqbuzarlik uchun pul jarimasi bilan bir qatorda jarima ballari ham belgilangan. Ball miqdori qoidabuzarlikning og‘irlik darajasiga qarab hisoblanadi.
Eng yuqori jarimalardan biri haydovchilik huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarishi uchun belgilangan. Bu holatda 20 million 600 ming so‘m jarima va 3 ball qo‘llanadi.
Guvohnomasiz mast holda transport boshqarish yoki mastlikni aniqlash tekshiruvidan bosh tortish ham 20 million 600 ming so‘m jarima va 3 ballga sabab bo‘ladi.
Yo‘l bezoriligi, jumladan drift qilish, yo‘lni to‘sish yoki xavfli manyovrlar uchun 10 million 300 ming so‘m jarima va 3 ball belgilangan.
Mast holda haydash uchun 16 million 480 ming so‘m jarima hamda 2 ball qo‘llanadi.
Belgilangan tezlikni 60 km/soat va undan ortiq oshirish birinchi holatda 6 million 180 ming so‘m jarima va 2 ballga sabab bo‘ladi.
Tezlikni 40–60 km/soatga oshirgan haydovchilarga 3 million 708 ming so‘m jarima va 1,5 ball beriladi.
Tezlikni 20–40 km/soatga oshirish uchun 2 million 60 ming so‘m, 20 km/soatgacha oshirish uchun esa 412 ming so‘m jarima belgilangan.
Haydash vaqtida mobil telefondan foydalanish 1 million 236 ming so‘m jarima va 1 ball bilan baholanadi.
Qizil chiroqdan o‘tish uchun 1 million 236 ming so‘m jarima, stop chizig‘ini bosib o‘tish uchun esa 206 ming so‘m jarima belgilangan.
Xavfsizlik kamarini taqmaslik, majburiy sug‘urtasiz harakatlanish yoki o‘t o‘chirg‘ich hamda tibbiy qutichasiz yurish kabi qoidabuzarliklar uchun 206 ming so‘mdan jarima qo‘llanadi.
Qoraytirilgan oynali transport vositasidan noqonuniy foydalanish uchun 10 million 300 ming so‘m, takroran sodir etilsa 16 million 480 ming so‘m jarima belgilangan.
Shuningdek, qarshi yo‘nalishga chiqish, raqamsiz harakatlanish, jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘lakdan noqonuniy foydalanish, piyodalar yo‘lagida harakatlanish va boshqa qoidabuzarliklar uchun ham jarimalar hamda jarima ballari nazarda tutilgan.
Yangi tartib haydovchilar intizomini oshirish va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

























Izohlar 0
…