Chet eldan keladigan buyurtmalarni bojxonada rasmiylashtirish yig‘imi 20 foizga kamayadi

O‘zbekistonda 1 noyabrdan xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxonada rasmiylashtirish uchun undiriladigan yig‘im 20 foizga qisqartiriladi. Bu haqda Prezident qarorida belgilangan.
Hujjatga muvofiq, mamlakatning tranzit salohiyatini oshirish va logistika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ham qator maqsadlar belgilangan. Xususan, 2030 yilga qadar O‘zbekiston hududi orqali tashiladigan tranzit yuklar hajmini 18,5 million tonnaga, logistika xizmatlari eksportini esa 3,5 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, chegara punktlarining yuk o‘tkazish imkoniyatlarini ikki barobar oshirish ko‘zda tutilgan. Xalqaro quruqlik portlari soni esa hozirgi 24 tadan 30 taga yetkaziladi.
Qarorda logistika markazlarini qo‘llab-quvvatlash choralari ham nazarda tutilgan. Belgilangan talablarga javob beradigan markazlar 2040 yilgacha yer va mol-mulk soliqlaridan ozod etiladi.
Yangi choralar xalqaro yuk tashuvlarini rivojlantirish, logistika xizmatlari eksportini kengaytirish va mamlakatning transport-tranzit imkoniyatlarini mustahkamlashga qaratilgan.


























Izohlar 0
…