12:32 / 08.06.2022
1 414

Tirbandliklarni kamaytirish va metro trafigini oshirish uchun 17 ta OTMning ish grafigi o‘zgartirilishi mumkin

Tirbandliklarni kamaytirish va metro trafigini oshirish uchun 17 ta OTMning ish grafigi o‘zgartirilishi mumkin
Toshkent davlat transport universitetining mutaxassislari poytaxt metrosining samaradorligini oshirish va tig‘iz vaqtlarda yuklamalarning ortishi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni ishlab chiqdi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanli orqali efirga uzatilgan lavhada ma’lum qilindi.

Xususan, tarkiblardagi vagonlar sonini oshirish, oliy ta’lim muassasalari va yirik korxonalar ish vaqtini o‘zgartirish, oltita transport-o‘tish bog‘lamalarini tashkil etish metroni Toshkentga olib kiruvchi to‘qqizta transport karidori bilan bog‘lash tavsiya etilmoqda.

Toshkent davlat transport universiteti rektori Odil Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, takliflarni o‘rganish maqsadida 38 ming respondentning shikoyatlari ko‘rib chiqilgan. Toshkent metropolitenining tashuv qobiliyatini oshirish choralari shu asosdan ishlangan.

«Biz sentabr—oktabr oylariga qadar yo‘lovchilarni tashish sonini 450 mingdan 600 mingga, keyin esa yil oxirigacha 800 mingga yetkazish imkoniyatini tahlil qilib chiqdik. Toshkentga kirib kelishdagi 9 ta yo‘nalishda 167 ming aholini metroga to‘g‘ri yo‘naltirishimiz kerak, o‘zi asli har kuni poytaxtga 800 ming odam kirib keladi», — deydi u.

Toshkent metropolitenidan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan asosiy choralar:
- 9 ta shaharga kirib keluvchi transport koridorlarini metropoliten bilan bog‘lash;
- 26 ta yangi shahar jamoat transporti yo‘nalishlarini ochish;
- 6 ta metropoliten bekatlarida transport-o‘tish bog‘lamalarini tashkil etish;
- 17 ta ta’lim muassasalari, yirik tashkilotlar ish grafigini muqobillashtirish;
- 20 ta veloshering stansiyasi va 43 ta veloturargohlar tashkil etish;
- Metropoliten bekatlari yaqinida shaxsiy transport vositalariga to‘xtashga ruxsat berish;
- 6 ta metropoliten bekatlarida avtoturargohlarni ishga tushirish;
- Metropolitenda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni raqamlashtirish (mobil dastur, ATTO);
- Metropoliten jozibadorligini oshirish (Wi-Fi, yo‘l ko‘rsatkichlari);
- 10 ta harakatlanuvchi tarkibda vagonlar sonini 4 tadan 5 taga oshirish;
- 14 ta yangi harakat tarkibini ishga tushirish.

Skrinshot: video
Shavkat Mirziyoyev 6 iyun kuni Toshkent yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichi qurilishini borib ko‘rgandi. Qayd etilishicha, 2020 yilda Toshkent yerusti halqa metrosining «Do‘stlik-2» bekatidan «Qo‘yliq» bekatigacha bo‘lgan birinchi bosqichi qurilgan. Bugungi kunda Qo‘yliqdan Sergeli yo‘nalishining 5-bekatiga eltuvchi ikkinchi bosqich barpo etilmoqda. Hozirgi kungacha 200 dan ziyod tayanch ustunlar o‘rnatilib, estakadalar qurilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, fevral o‘rtalarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, deputat Alisher Qodirov yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ishtirok etganini ma’lum qilib, qoidabuzarlarni jazolash, tirbandliklarning oldini olish borasidagi fikrlari bilan bo‘lishgandi. «Nima uchun davlat xizmatida ish boshlash vaqtini 08:30, oliygohlarda oqish boshlash vaqtini 10:00 ga belgilash mumkin emas? Osmon uzilib yerga tushmaydi, lekin jamoat transportiga ham, avto yo‘llarga ham bosim jiddiy kamayadi», — degandi u.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tirbandliklarni kamaytirish va metro trafigini oshirish uchun 17 ta OTMning ish grafigi o‘zgartirilishi mumkin