The Insider nashri Rossiya temir yo‘llarining yangi egalari va ularning hiylalari haqida tahliliy maqola e’lon qilgan. Quyida uni e’tiboringizga havola qilamiz.
Rossiya temir yo‘llarini (RTY) endi davlatniki deyish qiyin masala. So‘nggi yillarda RTY davlat korporatsiyasi ancha-muncha foydali aktivlarni sotishda faollik ko‘rsatmoqda. Ularning orasida Moskva shahri va markaziy Rossiyaning bir qator hududlaridagi elektrichkalarni boshqaradigan «Sentralnaya prigorodnaya passajirskaya kompaniya» (SPPK) kompaniyasi bor. SPPK benefitsiarlari Izmaylov uyushgan jinoiy guruhiga (UJG) aloqadorligi aytilgan Bokarev va Mahmudov ekani aniqlandi. «The Insider»ning aniqlashicha, kimoshdi savdolari firibgarlik sxemasiga qurilgan: davlat kompaniyalari ulushi nominal bo‘lib ro‘yxatdan o‘tgan firmalar tomonidan arzonga sotib olinadi. Shunda Mitishidagi oddiy yurist ayol rasmiy milliarderga aylandi, endi uning nomida yirik transport kompaniyalari ulushi turibdi.
SPPK shahar atrofiga yo‘lovchi tashiydigan Rossiyaning yirik temir yo‘l tashuvchisidir. Har yili Moskva, Moskva viloyati, Ryazan, Kaluj, Vladimir viloyatlari va boshqa hududlarga 1,6 mln.dan ziyod yo‘lovchilarni tashiydi. Endi SPPK xususiylashgan, lekin yaqingacha ham bu AJ RTY shoxobchasi edi. Davlat mulk huquqidan asta-sekin mahrum bo‘ldi, korrupsion sxema yakunida esa milliardlab rubldan ayrildi.
Soxta kimoshdi savdosi
2013 yilgacha RTY SPPKning 50 foiziga egalik qilardi. Shu vaqtdan uning 25 foiz aksiyasi Moskva yo‘lovchi kompaniyasiga (MYK) sotib yuborilgan. Bu kompaniya Iskandar Mahmudov va Andrey Bokarevga aloqador Fredlake Holdings Ltd (Kipr) kompaniyasiga tegishli edi. Lekin xususiylashtirish shu bilan to‘xtab qolmagan: 2017 yilda qolgan 25 foiz ham sotuvga qo‘yilgan. Davlat kompaniyasi o‘z ulushini 4,2 mlrd. rubldan kam belgilamaslikni reja qilgan, ammo yakunda qariyb 2 mlrd. arzonga sotib yuborgan. Kimoshdi savdosida tanlov e’lon qilinishidan 1 oy oldin ro‘yxatdan o‘tgan sirli MCHJ yutib chiqqan. «The Insider»ning aniqlashicha, uning ortida yana o‘sha Bokarev va Mahmudov turibdi, firma soxta ismlarga ochilgan.
Andrey Bokarev
MCHJning hammuassisi sifatida qandaydir Anna Boyeva ko‘rsatilgan, tez orada u firmaning yagona rasmiy egasiga aylangan. «The Insider»ning aniqlashicha, RTYning qimmat aktivlarini sotib olishdan avval MYKda yurist bo‘lib ishlagan. Bundan tashqari, yirik biznesning rasmiy hamegasiga aylangandan keyin ham shu firmada ro‘yxatda turgan. U 150 ming rublga yaqin oylik olgan, Mitishi shahridagi xonadonda yashagan, mayda kreditlardan foydalanib yurgan.
Auksion sirli g‘olibining siri Boyeva ishlaydigan MYK egalari Bokarev-Mahmudov tomonidan yashirilgan edi. Kamiga MYK SPPK aksiyalari sotilgan kimoshdi savdosida bevosita ishtirok ham etgan. Ya’ni oligarxlar RTY aktivlarining narxlarini tushirish uchun o‘zlari bilan o‘zlari «musobaqa o‘ynashgan». Davlat kompaniyasi aksiyalari keskin arzonlab ketganini faqat shunday izohlash mumkin: savdo narxni tushirish tizimi bo‘yicha o‘tkazilgan, aniqrog‘i, qatnashchilardan kimdir aytilgan summani to‘lamaguncha narx arzonlashavergan.
Yakunda SPPK aksiyalari blokpaketi uchun oligarxlar atigi 2,3 mlrd. rubl to‘lagan. Hozirgi kunda bu summa kompaniyaning yillik sof daromadidan ham kam (2021 yilda 2,8 mlrd. sof foyda), yillik daromaddan esa 25 marta kam (57,7 mlrd.)
Jinoiy aloqalar
Andrey Bokarev va Iskandar Mahmudov uzoq yillik hamkorlar bo‘lib, ikkovi Ural tog‘-metallurgiya kompaniyasi (UTMK), Kuzbassrazrezugol, Transmashxolding (yo‘lovchi poyezdlari va vagonlari, metro poyezdlari, lokomotivlar yetkazib beradigan) kompaniyalari aksiyalariga ham egalik qilishadi. Shuning uchun ular davlat shartnomalarini olishda yetakchilardandir.
Mahmudov va Bokarev jinoiy daromadlarni qonuniylashtirgani uchun bir necha marta jinoiy ish figurantlariga aylanishgan. 2007 yilda nemis jinoiy ishida ular Izmaylov UJG umumiy jamg‘armasi egalari ekani, ispanlarda 2008 yili o‘zlariga tegishli UTMK orqali Tambov-Malishev UJGga pul «haydashgan»i aytilgan.
Iskandar Mahmudov
Shuningdek, ular hukumat doiralarida ham kuchli aloqalarni yo‘lga qo‘yishgan. Xususan, Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksey Krivoruchko Bokarev va Mahmudovning biznes hamkori hisoblanadi. 2017 yilgacha bu ikkovi «Kalashnikov» qurol konserni hissadorlari bo‘lishgan. Rossiya prezidenti Putin Mahmudovni «Vatan oldidagi xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlagan.
Shularga qaramay, Bokarev va Mahmudov Yevroittifoqning sanksiyasiga uchramadi.
O‘zbekistonga aloqadorligi
Iskandar Mahmudov Buxoroda tug‘ilgan, bolaligi va yoshligi esa Toshkentda o‘tgan. RTY aktivlarining yangi hamegalaridan biri ham O‘zbekiston bilan bog‘liq bo‘lib chiqdi.
May oyi oxirlarida Bokarev va Mahmudov SPPK orqali o‘z ulushlarini ushlab turgan MYK firmasining boshqarish sxemasini o‘zgartirdi. Kiprning Fredlake Holdings kompaniyasi muassislari o‘rnida Rossiyaning 5 ta yuridik shaxsi paydo bo‘ldi: Mahmudovga qarashli «Violan», Bokarevga qarashli «Elarium», «Transmashxolding» top-menejerlariga tegishli «Novie resheniya» va «Postulat», beshinchisi esa Doniyor Komilov benefitsiari bo‘lgan «KTS».
Doniyor Komilov sobiq tashqi ishlar vaziri, hozirda O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilovning o‘g‘li hisoblanadi. Rossiyada kichik Komilov Gazprombank tuzilmalarida ishlagan. U hozir temir yo‘l yuklarini tashuvchi «Sharqiy logistika kompaniyasi»ni boshqaradi. O‘zbekistonda ham davlat aktivlarini xususiylashtirishda qatnashib turadi. Masalan, u Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasida joylashgan DXXning sobiq binosini sotib olgan edi. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...