22:55 / 30.06.2022
2 450

O‘zbek banklarida dollar defitsiti kuzatilmoqda. Nega?

O‘zbek banklarida dollar defitsiti kuzatilmoqda. Nega?
Rubl kursi Markaziy Osiyo mamlakatlari milliy valyutalariga nisbatan shiddat bilan mustahkamlanishda davom etmoqda. Buning ortidan o‘zbek banklarida naqd dollar taqchilligi yuzaga keldi. “Bir bankda navbat yetmaydi, birida pul tugagan, yana biri dollar bermas ekan”, deya vaziyatni ta’rifladi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlaridan biri.

O‘zbekistondagi tijorat banklarida xorijdan yuborilgan pullarni naqd dollar ko‘rinishida olishda jiddiy muammolar yuzaga kelgan. Bu holat respublikaning deyarli barcha viloyatlarida kuzatilmoqda.

Samarqand viloyatidanman. Xotinimning nomiga 500 dollar pul jo‘natgandim. Samarqand shahridagi bankka borsa, 1120-navbatga yozishibdi. Kuni bilan kutib o‘tiribdi, ammo kechga borib dollar yo‘q, faqatgina so‘m bera olamiz deb qaytarishibdi. Ertasiga yana boshqa bankka borgan, ammo tushga yaqin bu bank xodimlari so‘m ham, dollar ham qolmadi deb, pul olishga kelgan barchani qaytarib yuboribdi. Qisqasi, 1 hafta deganda oilamdagilar katta qiyinchiliklar bilan yuborgan pulimni olishdi”, deydi Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlaridan biri.

Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida banklar dollar berishmayapti. Odamlar boshqa viloyat, Namanganga borib pul olishyapti. U yerda ham uzundan uzun navbatlar bor, odamlar issiqda azoblanmoqda. Qiynalib topgan pulingni o‘zing xohlagan ko‘rinishda ololmasang-a! Bir bankda navbat yetmaydi, birida pul tugagan, yana biri dollar bermas ekan”, deya e’tiroz bildirda boshqa bir mehnat migranti.

Bu kabi holatlar oxirgi oylarda deyarli barcha viloyatlarda kuzatilgan. Ayniqsa, Samarqand, Andijon, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlaridagi banklar dollar ham, so‘m ham qolmaganini iddao qilib, xorijdan yuborilgan pullarni olishga kelgan fuqarolarni qaytarib yuborishgan.

Kun.uz muxbiri suhbatlashgan bank xodimining ma’lum qilishicha, oxirgi 3 haftadan beri jiddiy dollar taqchilligi kuzatilyapti.

Elektron navbat qilib, Rossiyadan yuborilgan pullarni imkoni boricha asosan so‘m ko‘rinishida, bo‘lmasa dollarda beyapmiz. Ammo valyuta bilan jiddiy muammolar kuzatilyapti”, deydi u.

Nega banklarda dollar defitsiti paydo bo‘ldi?
Iqtisodchi Otabek Bakirov naqd dollar yetishmovchiligini qo‘shni davlatlar mehnat migrantlarining ham o‘zbek banklaridan naqd valyuta pul yechib olishi ko‘paygani bilan izohlagan.

O‘zbek banklarida pul o‘tkazmalarini naqd dollarda olish masalasi murakkabligicha qolmoqda. Gap shundaki, qo‘shni davlatlar mehnat migrantlarining O‘zbekistonga pul jo‘natib, naqd yechib olishlari ko‘payganidan birinchi navbatda o‘zimizning qorako‘zlar – vatandosh migrantlarimiz jabr ko‘rishmoqda. Chunki spekulyantlar va ko‘plashib katta pul yuboradiganlardan farqli o‘laroq, o‘zbekistonliklar o‘z oilasiga ko‘pi bilan 500-1000 dollargacha pul yuboradi. Ayrim bank nuqtalarida qo‘shni mamlakatlar yoki spekulyantlar 5 ming dollar yo 10 ming dollar pul yechib olishi bilan bizning o‘zbekistonliklarga, ya’ni kamroq pul o‘tkazmalari jo‘natayotganlarga navbat yetmay qolishi oddiy holga aylanib qoldi.

Keyingi kunlarda qo‘shni mamlakatlar migrantlari safiga biznes egalari ham qo‘shilib olgani yuklamani va naqd dollar yetishmovchiligini yanada kuchaytirmoqda. Nafaqat qo‘shni davlatlar biznesmenlari, balki rossiyalik tadbirkorlarga (xususan, relokantlarga ham) O‘zbekistonga rubl jo‘natish va naqd dollar olish juda afzal bo‘lib qoldi.

Hozir, ayni damda bozor yo‘li bilan qanaqadir o‘zgartirishlar kiritish juda qiyin. Shuning uchun, bir jo‘natuvchiga nisbatan cheklovlarni ma’muriy tartibda, iloji bo‘lsa, har bir bank o‘z imkoniyatlari va xatarlaridan kelib chiqib o‘rnatishi kerak bo‘ladi. Katta miqdordagi (tabiiyki, spekulyativ va tijoriy xarakterga ega) o‘tkazmalarni naqdsiz ko‘rinishda hisobvaraqlarga yo valyuta kartalariga o‘tkazish tizimi ishga tushishi zarur
”, deya yozgandi iqtisodchi.

Moliya-bank sohasi mutaxassisi Ismoil Turopovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, cheklovlari va taqchilliklarga O‘zbekiston ichki valyuta bozoridagi kurslarining qo‘shni davlatlarga qaraganda jozibaliroq ekani ham ta’sir o‘tkazmoqda.

Tijorat banklarida naqd dollar taqchilligi haqidagi xabarlar o‘n kuncha oldin ma’lum bo‘la boshlagandi. Keyinchalik, Markaziy bank bu vaziyat naqd valyutaga bo‘lgan talab bilan bog‘liq holda ekanligi, shuning natijasida ba’zi banklarning valyuta ayirboshlash shoxobchalarida navbatlar yuzaga kelayotganini aytgandi. Biroq, so‘nggi paytlarda naqd valyuta sotib olish bo‘yicha ayrim banklardagi cheklovlar va taqchilliklar haqida xabarlar ko‘paydi.

Fikrimcha, bu ichki valyuta bozorimizdagi valyuta kurslarining qo‘shni davlatlarga qaraganda jozibali ekanligi bilan bog‘liq. Masalan, siz hozir Rossiyadan O‘zbekistonga rubl jo‘natib, uni bu yerda AQSH dollariga aylantirsangiz va qo‘shni davlatlarga olib chiqib ketsangiz – katta manfaat topishingiz mumkin. Balki, chegaradagi katta miqdordagi valyutani noqonuniy olib chiqib ketishga urinishlar, fosh etilayotgan "yer osti yo‘llari" bekorga emasdir.

Qisqasi, valyutaga bo‘lgan talabning g‘ayritabiiy ortishi bo‘yicha yaxshiroq o‘rganilsa va muammolar bartaraf qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi
”, deydi u.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-may oylari davomida O‘zbekistonga chet eldan qariyb 4,2 mlrd dollarlik pul o‘tkazmalari yuborilgan. Bu rekord ko‘rsatkich hisoblanib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 61 foizga ko‘p. Pul o‘tkazmalarining keskin oshishi Rossiya va Qozog‘istonda ishlayotgan qirg‘izistonlik va tojikistonlik muxojirlarning ham O‘zbekistonga pul o‘tkazayotgani fonida yuz berayotgan bo‘lishi mumkin. Chunki qo‘shni davlatlarda pul o‘tkazmalarini dollarda berish bo‘yicha taqiq va cheklovlar o‘rnatilgan.

“Markaziy Osiyo davlatlari milliy valyutalari misli ko‘rilmagan bosimga uchrayapti”
Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, rublning mustahkamlanib borishiga qarshi choralar ko‘rilmasa, joriy yilning oxiriga bormasdan, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston iqtisodiyotlari Rossiya iqtisodiyotining proksisiga aylanib qoladi.

Rubl sobiq sovet o‘lkalari valyutalariga nisbatan shiddat bilan mustahkamlanishda davom etmoqda. Bu milliy regulyatorlarning mutlaqo neytralligi sharoitida ro‘y bermoqda. Agar shu holat rublga nisbatan emas, masalan, dollarga nisbatan ro‘y berganida bozor richaglari bilan birga allaqachon ma’muriy aralashuvlar ishga tushirilgan bo‘lardi.

O‘zingiz o‘ylang, 3 oy ichida 1 dollar 18 mingga chiqib ketsa yoki 6 mingga tushib ketsa, vaziyatni o‘z holiga tashlab bo‘ladimi? Oy boshida tenge rublga qarshi turishga bir necha bor urinib ko‘rdi, lekin bu hozircha muvaffaqiyat keltirayotgani yo‘q. 29 iyun kuni, rubl/tenge, afsuski, tarixiy maksimum 8,85gacha yetdi. Markaziy Osiyoning boshqa valyutalari rubl oldida allaqachon qo‘lini ko‘targan. Rubl/som 1,55 gacha, rubl/somoniy 0,21 gacha, rubl/so‘m 205 ga qarab ketayapti. Ya’ni valyuta urushi allaqachon e’lon qilingan va biz hech qanday qarshilik ko‘rsatayotganimiz yo‘q
”, deya yozadi u.

Bakirovning fikricha, “rublga qarshi turish uchun” mintaqa mamlakatlari birgalikda harakat qilishi kerak.

Hozirgi sharoitda mintaqamizda biror bir valyuta mustaqil ravishda rublga qarshi pozitsiyalarini bir o‘zi himoya qila olmaydi. O‘zaro paritetni saqlagan holda rubl kursi tushirilmasa, shu yilning oxiriga bormasdan, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston iqtisodiyotlari Rossiya iqtisodiyotining proksisiga aylanib qoladi”.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbek banklarida dollar defitsiti kuzatilmoqda. Nega?