16:02 / 03.07.2022
2 035

«Ijtimoiy binolarga ham hujum qilingan» — Nukusdagi vaziyat haqida

«Ijtimoiy binolarga ham hujum qilingan» — Nukusdagi vaziyat haqida
Foto: qqses.uz
Nukusda namoyishchilar tomonidan ijtimoiy binolarga ham hujum qilingan, ayni vaqtda vaziyat yaxshi tomonga o‘zgargan. Bu haqda Qoraqalpog‘iston voqealari bilan bog‘liq vaziyatni yoritish maqsadida Nukusga yetib borgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Kun.uz muxbiri Ilyos Safarov ayni vaqtda Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahridagi vaziyat to‘g‘risida ma’lumot berdi.

«Bu yerda favqulodda holat rejimi amalda. Ko‘chada ko‘plab harbiylarni ko‘rish mumkin. Ichki ishlar xodimlari ham ko‘p. Ayrim joylarda blokpostlar o‘rnatilgan, ayrim fuqarolar pasport rejimida tekshirib ko‘rilmoqda.

Ko‘chalarda bir necha o‘n nuqtada avtomobil ballonlari yoqilgan, shuningdek bitta katta yuk mashinasi yoqib yuborilgan
», deya xabar beradi muxbir.

Muxbir ayni vaqtda tarqalayotgan videolar 1-2 iyul kuni olingan tasvirlar ekanini, bu kunlardagi namoyishlar vaqtida ijtimoiy binolarga ham hujum qilinganini, ayni vaqtda shaharda hech qanday tartibsizliklar yo‘qligini ta’kidlagan.

«Bir necha odam bilan gaplashdim. Prezident Mirziyoyev kelib, faollar, ovulboshilar, ziyolilar va rasmiylar bilan gaplashganida, Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga aloqador 70-75-moddalarda o‘zgarish bo‘lmasligini aytganidan keyin vaziyat chindan o‘zgargan.

Hozir hech qanaqa norozilik namoyishlari, ko‘cha yurishlari yo‘q. Nukus ko‘chalari tinch. To‘g‘ri, harbiylar bor, favqulodda holat rejimi ekani seziladi. Lekin vaziyat tinch.

Odamlar velosipedda o‘z yumushi bilan yo‘lda yuribdi, do‘konlardan bozorlik qilib uyiga qaytayapti. Vaziyat tinch, lekin xavotirli nigohlarni ham sezish mumkin. Ikki kunlik namoyishlardan keyin odamlar hali o‘ziga kela olmagan bo‘lishi oson emas. Ruhiy ta’siri bor, baribir.

Odamlar bilan gaplashyapmiz. Ularning aytishicha, kecha, undan oldingi kuni fuqarolar va harbiylar o‘rtasida kelishmovchiliklar, kichik-kichik to‘qnashuvlar bo‘lgan.

Bu kecha va undan oldingi kungi voqealar. Bugun esa vaziyat tinch. Bunaqa namoyishlar bo‘layotgani yo‘q.

Men bilan gaplashishga rozi bo‘lgan yo‘lovchilardan biri tinch aholi bunday janjal-to‘polonlar bo‘lishini istamasligini aytdi. «Biz o‘zbek bilan qoraqalpoqlar bir xalqmiz. Shuncha vaqt tinch yashab keldik. Bilmayman, bular qayerdan boshlanib ketdi», degan gaplarni aytyapti.

Umuman olganda, tinch aholi bunaqa holat, urush-janjal bo‘lishini xohlamaydi. Ular tinch yashab kelgan, bundan keyin ham tinch yashashni xohlashadi
», deya xabar beradi Nukusdan muxbir.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Ijtimoiy binolarga ham hujum qilingan» — Nukusdagi vaziyat haqida