O‘tgan hafta 44 yoshli Sardor Umrzoqov Prezident administratsiyasi rahbari etib tayinlandi. Bu lavozimning tarozisiga teng keladigan boshqa mansab mamlakatda kamdan kam topiladi. Deputat Doniyor G‘aniyev O‘zbekiston oliy hokimiyatidagi o‘zgarishlar almashtirib bo‘lmas kadr yo‘qligiga ishora bo‘lganini aytmoqda.
Sardor Umrzoqov o‘tgan haftada Prezident administratsiyasi rahbari etib tayinlandi. U 2018 yilning avgust oyidan buyon ushbu lavozimda ishlab kelgan Zaynilobiddin Nizomiddinovning o‘rnini egalladi.
2019 yil 28 yanvarda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri etib tayinlangan, 2020 yil 10 martda esa bosh vazir o‘rinbosari darajasiga ko‘tarilgan Sardor Umrzoqovning shaxsiyati ko‘pchilik uchun qiziq. Zero, amalda qudrati jihatidan mamlakatda prezidentdan keyingi o‘rin deya taxmin qilinadigan mansabga keladigan shaxsning bungacha bosib o‘tgan yo‘li, qay tariqa bu lavozimga loyiq ko‘rilgani jamoatchilikni qiziqtirishi turgan gap.
Sardor Umrzoqov Yaponiya ishbilarmonlari klubi a’zolari bilan uchrashuv chog‘ida, 2020 yil, yanvar / Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
Matbuotga ochiq, bahsga kirishishdan cho‘chimaydigan Umrzoqovning Toshkentda 2020 yil boshida tashkillashtirilgan sobiq «Umid» jamg‘armasi bitiruvchilarining birinchi xalqaro konferensiyasidagi chiqishi ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldirgandi.
“Bilasizlar, men ham sizlarga o‘xshagan “umidchi”man. Bir eslaylik sizlar bilan. Tanlovdan o‘tib, chet elga ketayotgan davrimizda har birimizning yuragimizda qandaydir bir jo‘shqinlik bor edi. Ko‘zlarimiz yonib turgan desak, menimcha, to‘g‘ri bo‘ladi. Qaytib kelib hamma yoqni mutlaqo o‘zgartirib yuboramiz degan o‘ylar hammamizni qamrab olgandi. Hammamizda vatanimizga, jamiyatimizga kerakli kadrlarmiz degan tasavvur bor edi. Lekin o‘qishni tugatib yurtga qaytganimizdan so‘ng barchasi biz o‘ylagandek bo‘ldimi, o‘zimiz orzu qilgan o‘zgarishlarni amalga oshira oldikmi degan savolga, menimcha, ko‘pchilik yo‘q deb javob beradi.
O‘qishni bitirib kelganlar davlat idoralariga taqsimlandik, boshqarma yoki bo‘limlarga oddiy mutaxassis sifatida ishga joylashtirildik va idoraviy-byurokratik tizim qa’riga ko‘milib ketdik. Xorijda ottirilgan bilim, “umidchi”larning zamonaviy dunyoqarashga egaligi umuman hech kimni qiziqtirmadi. Ko‘pchilik bunday tizimga bardosh berolmay turli yo‘llar bilan yana chet elga qaytib ketishdi. Chet elga borgandayam juda katta mashaqqatlar bilan hozirgi nufuz, daraja va lavozimlarga erishishdi, buning uchun ishni eng quyidan, “nol”dan boshlashga majbur bo‘lishdi. Bugungi darajaga yetib kelish uchun juda katta hayotiy va professional tajribaga ega bo‘lishdi.
Yangilanayotgan O‘zbekistonga aynan sizlarga o‘xshash kadrlar kerak. Chunki sizlar hammalaringiz o‘zlaringiz o‘zlaringizni oyoqqa qo‘ygan insonsizlar. Bizda o‘zgarish bo‘lmaydi toki kadrlarimizning dunyoqarashini o‘zgartirmagunimizcha”, degandi o‘shanda Umrzoqov.
“Amerika ovozi” muxbiri 2021 yilda ushbu mulozimdan intervyu olarkan, uning “Umidchilar konferensiyasi”dagi nutqini AQSH prezidenti Jon Kennedining mashhur nutqiga qiyoslagan va ushbu chiqish paytida Sardor Umrzoqov haqiqatda “ochilgan”ini ta’kidlagandi.
Sardor Umrzoqov prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi yig‘ilishda, Toshkent, 2020 yil dekabr / Foto: Prezident matbuot xizmati.
Ijtimoiy tarmoqlarda Umrzoqovning yangi lavozimga loyiq ko‘rilishi qator foydalanuvchilar tomonidan iliq kutib olinganini ko‘rish mumkin.
Andijonlik tadbirkor Qodir Oxunov shunday yozadi: “Sardor Umrzoqov bilan yuzma-yuz uchrashib gaplashganman. Bir so‘zli rahbar. Munosib nomzod. Haqiqiy bilimdon va talabchan kadr. 7 yil davomida hal bo‘lmagan muammo uning yordami bilan yechim topgandi”.
Oybek ismli Facebook foydalanuvchisining fikrlari esa yanada qiziq: “Lavozimga munosib, yetuk mutaxassis. O‘ylaymanki, endi tanish-bilish orqali hokimiyatga kelgan kadrlar tozalanadi va ularning o‘rniga rahbarlik vazifalariga aqlli, salohiyatli kadrlar kelishadi”.
Jamoatchilik faoli Aziza Umarova Sardor Umrzoqovning yangi lavozimga tayinlangani, tashqi savdo vaziri lavozimiga esa Jamshid Xo‘jayev kelganini “mamlakat uchun pozitiv yangiliklar” deb atadi. U mazkur ikki “umidchi”ning “yosh, energiyaga to‘la, intelligent, xorijda o‘qigan” deya ta’riflaydi.
“Jiddiy institutsional islohotlarni faqatgina yetarlicha salohiyat va tajribaga ega insonlar o‘ylab chiqishi va amalga oshirishi mumkin. Va bu ikki tayinlov ishonchni mustahkamlab, optimizm uyg‘otyapti”, – deydi u.
Albatta, izohlar orasida salbiylari ham bor. Umrzoqovning tanqidchilari u tashqi savdo vaziri va import bojlarini belgilovchi idoralararo komissiya raisi lavozimlaridagi faoliyati vaqtida proteksionizm siyosati kuchayganini aytadi.
Sardor Umrzoqov «Tolibon» rahbariyati bilan uchrashuvda, Kobul, 2022 yil fevral / Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
Parlamentdagi ko‘zga ko‘ringan sanoqli deputatlardan biri Doniyor G‘aniyev Umrzoqovning tayinlanishi islohotlar to‘xtab qolmaganiga umid uyg‘otishi barobarida, Nizomiddinovning ishdan olinishi hech kim almashtirib bo‘lmaydigan kadr emasligi haqida o‘ziga xos signal bo‘lganini ta’kidlaydi.
“Shaxsan men bu o‘zgarishdan juda xursand bo‘ldim. Nega? Chunki men bu yerda 3 ta mujdani ko‘rdim. Birinchidan, administratsiya rahbarining almashtirilishi – juda katta signal bo‘ldi. Qaysi ma’noda? Yaxshi bilamiz, amalda bu juda katta lavozim. Mana shu yuqori organ rahbarining almashishi bu – davlat rahbari tomonidan jamiyatga berilayotgan katta signalki, hali islohotlar to‘xtab qolgani yo‘q va hech kim almashtirib bo‘lmaydigan shaxs emas. Ya’ni har qanday vazir, hukumat a’zosi bo‘ladimi, agar mamlakat islohotlari talabiga javob bermaydigan bo‘lsa, almashtirilishi mumkin.
So‘nggi vaqtlarda mamlakatdagi islohotlar dinamikasi sekinlashib, talabchanlik kamayayotgandek edi. Chunki oxirgi 2 yilda biz keskin o‘zgarishlarni ko‘rmagandik. Bu almashinuv ortidan lavozimga jamoatchilik orasida faol bo‘lgan, xalqaro va mahalliy OAV bilan ochiq faoliyat yuritadigan, xalqaro doirada ham obro‘yi nisbatan yuqori bo‘lgan va eng asosiysi islohot tarafdori bo‘lgan kadr keldi. Bu aytganimdek, nafaqat ichki jamiyat, balki xalqaro doirada investorlar, xalqaro hamkorlarimiz uchun ham signaldir. Ya’ni bu “islohotlar davom etadi, biz islohotlarga sodiqmiz, eski davrga qaytish, muzlab qolish kabi gaplar puch” degani hamdir”, deydi deputat.
Bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Sardor Umrzoqov, Toshkent, 2021 yil yanvar / Foto: Prezident matbuot xizmati
Umumiylashtirib aytadigan bo‘lsak, tayinlovdan quvonganlarning ko‘pchiligi Sardor Umrzoqovning xorijda tahsil olgani, ma’lum muddat chet elda ishlab tajriba orttirgani, qolaversa, zamonaviy fikrlovchi, prezident ma’muriyati va hukumatdagi ko‘plab mulozimlarga nisbatan ancha yosh kadr ekanini ta’kidlamoqda.
Chindan ham yuqori lavozimlardagi kadrlarning asosan keksalardan tashkil topgani, tabiatan ehtiyotkor, konservativ qarashga ega qariyalar o‘zgarishlarga toqatsizligi, tavakkaldan cho‘chishi, bu esa islohotlarni ortga surishi ko‘p marta tanqid qilingan. Bungacha Prezident administratsiyasiga bir qancha yosh mutaxassis ishga olingani, ularning ortidan prezident ma’muriyati rahbarligiga Sardor Umrzoqov tayinlanishi o‘zgarishlar uchun yangi umidlarni uyg‘otgandek.
Sardor Umrzoqov surxondaryolik jurnalist va blogerlar bilan uchrashuvda, Termiz, 2022 yil mart. Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
Umrzoqov o‘z intervyularida avtomobilsozlikda raqobat muhiti yaratilishi tarafdori ekani, ayrim kompaniyalarga bozorning boshqa ishtirokchilarida bo‘lmagan alohida imtiyoz va preferensiyalar berilishi mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini, shu sababli bunday imtiyozlarni berishdan voz kechib, barcha birday ishlashi uchun sharoit yaratib berish kerakligini ilgari surgan.
Yangi lavozim hamda vakolatlari unga vazir, bosh vazir o‘rinbosari kursisida amalga oshira olmagan, qo‘li kaltalik qilgan, amalga oshishi xalq farovonligiga xizmat qiladigan ana shunday ulkan o‘zgarishlarni ro‘yobga chiqarish imkonini berishi mumkin.
Albatta, hali qandaydir xulosalar chiqarishga juda erta. Umrzoqovning nimalarga qodirligi, o‘zidan oldingi mulozimlarning xatolarini takrorlamasligi, eng muhimi, jamoatchilik ishonchini oqlay olishi yoki olmasligini vaqt ko‘rsatadi.
Jamshid Niyozov, jurnalist
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...