date
views 1 617

«Kundalik.com» portalidan yigʻiladigan pullar va unda oʻquvchilarning ma'lumotlar xavfsizligi haqida

«Kundalik.com» portalidan yigʻiladigan pullar va unda oʻquvchilarning ma'lumotlar xavfsizligi haqida
29 aprel kuni AOKAda umumta'lim maktablarining AKT bilan ta'minlanganlik holati yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.

Tadbirda Xalq ta'limi vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonovga «Kundalik.com» portali faoliyati, u orqali yigʻiladigan mablagʻlarning sarflanishi va ma'lumotlar xavfsizligi masalasida savol bilan murojaat qilindi.

«Elektron kundalik tizimi 2019 yildan boshlab joriy qilindi. Bu davlat xususiy sherikchiligi asosida amalga oshirilayotgan loyiha hisoblanadi.

Hozirgi kunda bu tizim 2 mingdan ortiq maktabda joriy qilingan. Hali 10 mingta maktabga joriy qilingani yoʻq.

Xoʻsh, biz nega bu tizimni joriy qilyapmiz? Chunki, bizga qogʻozdagi kundaliklardan voz kechish ancha foydali. Masalan, 2 mingta maktabdagi oʻquvchilar soniga hisoblasak, qogʻozdagi kundaliklardan voz kechish orqali shu yilning oʻzida davlat byudjetidan 1 mlrd. soʻm mablagʻ tejab qolinadi. Bundan tashqari, qogʻozbozliklarning oldi olinadi, shaffoflik ta'minlanadi.

Bu tizimning ayniqsa, pandemiya vaqtida bizga katta yordami tegdi. Bolalarning bahosi qoʻyib borildi, davomati olib borildi. Shu tizim boʻlmaganda nazoratni qanday qilardik, bilmayman
», – dedi vazir oʻrinbosari.

Unga koʻra, «Kundalik.com» portalidan foydalanganlik uchun toʻlanadigan mablagʻni qimmat deb boʻlmaydi.

«Mablagʻga kelsak, qilingan shartnoma boʻyicha ota-onalar bir yilda 9200 soʻm toʻlaydi. Bu bir oyga 800 soʻm degani. Oʻylashimcha, bu ota-onalar uchun juda katta pul emas.

Iqtisodiy jihatdan qiyinchiligi bor bolalar nima qiladi, deydigan boʻlsak, biz «Temir daftar»dagi oilalarning bu tizimga kirishini bepul qilganmiz. Ikki, uch nafar farzandi borlar uchun esa engilliklar, chegirmalar belgilangan.

Portaldagi ma'lumotlar xavfsizligiga keladigan boʻlsak, ota-onalar va oʻquvchilarning ma'lumotlari Oʻzbekistonning «Uztelecom» tashkiloti serverlarida joylashgan. «Uztelecom»ning serverlarida esa barcha davlat tashkilotlarining ma'lumotlari saqlanadi. Bu portaldagi ma'lumotlar saqlanishiga shubha degani, Oʻzbekistondagi barcha tashkilotlarning ma'lumotlar bazasiga shubha degani
», – dedi Rustam Karimjonov.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Kundalik.com» portalidan yigʻiladigan pullar va unda oʻquvchilarning ma'lumotlar xavfsizligi haqida