08:00 / 06.08.2022
3 303

«Tasavvur qilyapsizmi, men gastarbayterga aylanib qoldim» — O‘zbekistonga kelgan Rossiya fuqarolari

«Tasavvur qilyapsizmi, men gastarbayterga aylanib qoldim» — O‘zbekistonga kelgan Rossiya fuqarolari
Rossiyaning «AiF» sayti Markaziy Osiyoga, xususan, O‘zbekistonga ketgan Rossiya fuqarolari qanday yashayotgani haqida material e’lon qildi. Quyida «AiF» muxbiri Georgiy Zotovning O‘zbekistonga ko‘chib kelgan ba’zi Rossiya fuqarolari bilan uyushtirgan suhbatini e’tiboringizga havola qilamiz.

Fevral oyidan beri turli sabablarga ko‘ra 10 mingga yaqin Rossiya fuqarolari Markaziy Osiyo mamlakatlariga ko‘chib o‘tdi. Yangi joyga ko‘nikib ketish hammada ham o‘xshamadi. Masalan, peterburglik 24 yoshli Romanga O‘zbekiston ma’qul kelmadi.

«Bu yerda qashshoqlar yashaydi, narx-navo ancha arzon deb o‘ylagandim, — deb shikoyat qiladi u. – Axir o‘zbeklar bizning mamlakatda ko‘cha supuruvchi, haydovchi, eng arzon do‘konlarda yuk tashuvchi bo‘lib ishlayotganini ko‘rgandim-da. Birdan odamni aqldan ozdiradigan darajadagi narxlarni ko‘rib shoshib qoldim. Men turar joy uchun oyiga taxminan 100 dollarni chamalagan edim, lekin Toshkentda 2 xonali uyni 500 dollarga amallab topdim.

Mening spaniel zotli kuchugim bor. Ko‘pchilik ijaraga uy berishni xohlamadi: ular musulmonlar uchun itlar «nopok» ekanligiga sha’ma qilishdi. Qolaversa, ish topish juda qiyin. Men deyarli barcha pulimni sarflab bo‘ldim... Buyog‘iga nima qilish kerakligini bilmayman
».

- Ya’ni siz fuqarolari gastarbayterlik qilish uchun mamlakatimizga kelayotgan kambag‘al davlatga borib, u yerda ish topmoqchi bo‘ldingiz, shundaymi?

- Men videobloger bo‘lmoqchiman. YouTube uchun reklamalar suratga olmoqchiman. Sankt-Peterburgdagi kurslarda o‘qiganman, bo‘sh paytlarimda ba’zan pul ishlab topdim, shuningdek, ota-onam ham puldan yordam berib turishdi. «Ikkinchi poytaxt»dan kelgan odamni bu yerda yaxshi kutib olishadi, deb o‘ylagandim. Lekin Toshkentda mening g‘oyalarimga befarq bo‘lishdi. 4 oy davomida pul ham tugadi, ota-onam norozi bo‘lib, qaytishim kerakligini aytishmoqda. Axir ofitsiant bo‘lib ishlab yurmayman-ku!

Roman Rossiyada armiyaga chaqirilishdan qo‘rqib, ko‘chib ketganini yashirmaydi. Uning ba’zi tanishlari ham tahlikali davrlar tugashini O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda kutishga qaror qilishdi.

«Birdan Rossiya va G‘arb o‘rtasida yadro urushi boshlanib qolsa-chi?, – fikrini bildiradi u. – NATO esa Toshkentni bombardimon qilishi dargumon».

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida qonunni buzgan holatlarda gumonlanuvchilarni topshirish to‘g‘risida kelishuv borligidan xabari borligi yoki yo‘qligini so‘radim. Agar Roman «armiyada xizmat qilishdan bo‘yin tovlash» moddasi bilan ayblangan taqdirda O‘zbekiston uni Rossiyaga topshiradi. Yigitning rangi oqarib ketdi. Albatta, u bu haqda hech narsa bilmagan.

«Men O‘zbekistonni Afrikaga o‘xshash davlat deb tasavvur qilgandim»

Yangi emigrantlarning asosiy muammosi ular o‘zlari bo‘lib turgan mamlakati haqida hech narsa bilishmaydi. 23 yoshli rieltor bo‘lib ishlovchi moskvalik Masha mart oyi boshida Toshkentga uchib kelgan, bilet unga 62 ming rublga aylangan.

Mashaning tan olishicha, O‘zbekistonga kelishdan oldin bu yerni «5 ming rublga hech narsadan o‘zini tiymasdan, bir oy yashash mumkin bo‘lgan Afrikaga o‘xshash davlat» deb tasavvur qilgan. Ammo u 30 ming rublga amallab kvartira topishga muvaffaq bo‘lgan, qo‘shimchasiga kommunal xizmatlar to‘lovi ham bor.

«Men Toshkentdan turib Moskvadagi mijozlarga uy-joy sotib olish bo‘yicha onlayn konsultatsiya berib pul topaman, deb o‘ylagandim, — xafa bo‘ladi Masha. – Lekin ma’lum bo‘lishicha, konsultatsiya paytida odamlarga mening shaxsan ishtirokim kerak ekan. Hozirda qarz bo‘lishim mumkin bo‘lgan barchadan qarzman. O‘zbekistonda mendek tajribaga ega bo‘lgan yoshlar umuman kerakmasligidan hafsalam pir bo‘ldi. Hamma ham «aytishnik» bo‘lavermaydi-ku!».

«Bunday qoloqlik haqida bilishni ham istamayman»

Sog‘lom hayot tarzi tarafdori bo‘lgan Mariyani o‘zbek oshxonasi jig‘ibiyron qilmoqda.

«Ular faqat go‘sht yeyishadi. Hech qanday parhez mahsulotlar yo‘q, bug‘da pishirilgan baliq kotletlar, brokkoli ommalashmagan, kinoa yoki chia urug‘lari haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Yog‘da qovurib tayyorlanadigan taomlar yoki kanserogenli kaboblar haddan tashqari ko‘p. Qo‘y go‘shti jiqqa yog‘ bilan dasturxonga tortiladi, men xolesterin haqida o‘ylasam titrab ketaman. Italyan va yapon restoranlarining Moskvadagi bilan solishtirganda sifati ancha past. Men o‘zimga tovuq qaynataman va uni hafta davomida iste’mol qilaman. Tasavvur qilyapsizmi, men gastarbayterga aylanib qoldim». Men yelkamni qisaman. «O‘zbeklar Moskvada pulni tejash uchun bir dona kvartirani 20 kishi ijaraga olishadi va «Doshirak» (tez tayyorlanadigan lag‘mon) yeb kun ko‘rishadi».

«E-e-e, — deydi Mariya. — Men bunday qoloqlik haqida bilishni ham xohlamayman. Moskvadan kelgan rieltorni ular boshiga ko‘taradi deb o‘ylagandim. Lekin ular mening e’lonlarimga javob ham qaytarishmadi».

Mariya endi AQSHga ketishni orzu qilmoqda. «U yerda hammaga ish bor. Tilni bilmayman, lekin o‘rganaman».

Qo‘shma Shtatlarda 4 oy ichida rieltorga aylanish ilojsiz, lekin Mashaga buni aytmadim. Menimcha, bu befoyda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Tasavvur qilyapsizmi, men gastarbayterga aylanib qoldim» — O‘zbekistonga kelgan Rossiya fuqarolari