Ozoda Nursaidova uyi buzilganida tushkunlikka tushgani hamda 300 mln soʻm zarar koʻrgani haqida gapirdi

Foto: Instagram /@ozodaofficial
Xonanda Ozoda Nursaidova «Milliy» telekanalining «Zarb» koʻrsatuviga bergan intervyusida uyda oʻtirgan vaqtda mutasaddilar buldozer bilan uyini buzishga kelgani, bu holatdan soʻng stressga tushgani, 250-300 million soʻm moddiy zarar koʻrgani, «vaxshiylarcha» uyini buzishgani haqida gapirdi.
Ozoda Nursaidova uyda oʻtirgan vaqtda mutasaddilar uni ogohlantirmasdan, uyini buzishga buldozer bilan kelgani haqida
- "Bu mavzu hayotimdagi eng ogʻir damlarni eslatadigan, ogʻriqli mavzulardan biri hisoblanadi. Yaqinda bu haqda Konstitutsiyadagi oʻzgarishlarni koʻrib xursand boʻldim. Yakkasaroyda turaman, 2007 yilda bir korxonaning boʻsh erini sotib olganman. Toʻgʻrirogʻi, uyimni qurgan kompaniya egalari menga shu taklifni bergan. Bozor narxida pulini toʻlab, shu erni sotib oldim — 2,5 sotix er edi. Sotib olib hamma narsani hujjatlashtirdim. Oradan olti yil oʻtib, 2013 yilda uyimda oʻtirgan vaqtimda hokimiyatdagi ishlaydiganlar buldozer bilan keldi, er-joy bilan bogʻliq sud boʻlgan ekan — xabarim yoʻq edi.
Uyimga buldozer bilan kelib, buzamiz deyishdi, ogohlantirishmadi. Uyingizni buzishimiz kerak, sud boʻlgan, prokuratura kadastrni bekor qilgan, deyishdi. Bekor qilingani haqida xabarim yoʻq edi, birinchi ma'lumotni oʻsha paytda oldim. Shunda oʻsha payt hokimlikning huquqshunosi menga boshqa bir familiyalarni aytdi va shularning buyrugʻi bor dedi. Suddan yoki hokimlikdan biror-bir da'vogar menga bu haqda aytmagan", - deydi xonanda.
Xonanda uyini buzishgandan keyin stressga tushgani va bir necha bor hujjatlari bekor boʻlgani haqida
- "Dastlab apellyatsiyaga beraman dedim, bu holatni oʻrganishni xohladim. Qoʻlimda kadastrim bor edi, hokimning ham qarori bor, vaziyatni oʻrgandim, nima sababdan prokuratura tomonidan qaror bekor qilinganini oʻyladim. Menga bitta sabab, ya'ni texnik xato deb aytishdi.
Uch marta hokim oʻzgardi, uch marta mening masalam koʻtarildi va ikki marta kadastrim bekor boʻldi. Menga 2007 yilda bu qarorni bergan hokim ishdan ketganidan keyin 2013 yilda boshqa hokim tomonidan kelib kadastrimni bekor qilmoqchi boʻldi, u ham ketganidan soʻng biz keyingi kadastrni 2018 yilda — boshqa hokim kelganidan keyin oldik. Davlat tomonidan noqonuniy ishlarni qilayotgan shaxslarni deb koʻp insonlar jabr chekmoqda. Men ham bu holatdan soʻng stress oldim, moddiy zarar koʻrdim, 2018 yilda hushimdan ketib qolganman, menda videolari ham bor", - deydi Ozoda Nursaidova.
Ozoda Nursaidova uyi «vaxshiylarcha» buzilgani, bundan 250-300 million soʻm zarar koʻrgani toʻgʻrisida
- "Yana bir masala bor — uyim Majburiy ijro byurosi tomonidan «vaxshiylarcha» buzilgan, 30 ta odam kelgan. Keyin 2018 yilda uyimni juda tezlik bilan buzishgan, hattoki narsalarimni olib qolishga ulgurmaganman, 250-300 million soʻm atrofida zarar koʻrganman, bu erdan tashqari, jihozlarning narxi. Shunaqa «vaxshiylarcha» buzishgan. Bu holatni eslash men uchun ogʻir.
Hozir bu joyga qaramayman ham, toʻrt yil boʻldi, men uyim-joyim deydigan insonman, lekin hovliga kirgim, qaragim kelmaydi. Biz oʻzimiz buzib beramiz dedik, hattoki bir soatga ham imkoniyat berishmadi. Oʻsha payt soat uchgacha uyimga 35 ta odam kirgan, shu odamlar uyimni oyoqosti qilib, buldozer bilan buzgan, shunda bu uyimning yonidagi uylarga ham zarar etgan", - deydi xonanda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar