16:30 / 29.08.2022
1 195

Bosh prokuratura «jasadi 2 kun mashinada olib yurilgan ayol» haqidagi xabarni rad etdi

Bosh prokuratura «jasadi 2 kun mashinada olib yurilgan ayol» haqidagi xabarni rad etdi
Foto: Videodan kadr
Bosh prokuratura er ayolini o‘ldirib, jasadini ikki kun davomida mashina yukxonasida olib yurgani haqida tarqalgan xabarlarni tasdiqlamadi. Lavha marhumning jasadi ekspertizadan so‘ng yashash xonadoniga olib kelgan vaqtda tasvirga olingan.

Internetda tarqalgan videoda marhumning ukasi ekanini aytgan video muallifi pochchasi opasining jasadini ikki kundan buyon mashinasida olib yurganini aytgan. Videoda Toshkent shahriga tegishli davlat raqam belgisi taqilgan Toyoto Prado mashinasi yukxonasida mato bilan o‘ralgan odamning jasadiga o‘xshash narsa ko‘rinadi. Voqeaning boshqa tafsilotlari ma’lum qilinmaydi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati bu voqea ikki yarim oy avval – 2022 yilning 10 iyun kuni sodir bo‘lgani, Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi 25 yoshli D.K. (ayol) chap tuxumdon kistasi yoritilishi natijasida ichki qon ketishidan vafot etganini ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, ekspertiza tekshiruvi jarayonida marhumning badanida tan jarohatlari aniqlanmagan.

Hodisa yuzasidan tergovga qadar tekshirish o‘tkazilib, Yakkasaroy tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan. Tuman prokuraturasining ushbu qarori barvaqt qabul qilingani sabab joriy yilning avgust oyi boshida bekor qilinib, ayni paytda qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ayni jarayonda o‘limga sabab bo‘lgan holatlarga yanada aniqlik kiritish uchun sudga oid komissiyaviy ekspertiza tayinlangan. Ta’kidlanishicha, ekspertiza xulosasidan kelib chiqib, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati marhumaning jasadi «ikki kun mobaynida mashinada saqlab yurilgani» ehtimolini juda past deya baholagan. Chunki jazirama issiqda inson jasadi ikki kunlab mashina salonida olib yurilishi (yoki saqlanishi) sog‘lom tasavvurga to‘g‘ri kelmaydi. Dastlabki xulosalarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda aks etgan lavha marhumning jasadi ekspertizadan so‘ng yashash xonadoniga olib kelgan vaqtda tasvirga olingan.

Bundan ko‘rinadiki, ijtimoiy tarmoqlarda holat juda bo‘rttirib yuborilmoqda. Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan ushbu holat bo‘yicha qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokurorining matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov Telegram-kanalida ayni paytda holatni aniqlashtirish yuzasidan ish olib borilayotgani, natijasi haqida xabar berilishini ma’lum qilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bosh prokuratura «jasadi 2 kun mashinada olib yurilgan ayol» haqidagi xabarni rad etdi