
Qizni oldindan ko‘rmay uylandi, go‘shangada ko‘rsa qiz ko‘rimsiz, ustiga ustak qop-qora edi. O‘sha tunni u boshqa xonada o‘tkazdi. Ertasiga ham, indiniga ham u kelinni oldiga kirmadi.
Gap nimada ekanligini sezgan kelin kuyovning oldiga o‘zi bordi va: “Ey Molik! Ajabmas, SIZ yoqtirmagan narsada yaxshilik yashiringan bo‘lsa...” dedi.
Bu gapdan keyin Molikning kelinga yaqinlashmaslikka uzri qolmadi. Ular bir necha tunni birga o‘tkazdilar. Lekin Molikning ha deganda kelinga nisbatan ko‘ngli isiyvermadi.
Holat bunday davom etishi mumkin emasligini bilgan Molik uydan bosh olib chiqib ketdi. Ammo, bu safar u rosa yigirma yil yo‘q bo‘lib ketdi. Molik ayolining homilador bo‘lganligidan bexabar edi.
Oradan yigirma yil o‘tib Molik uyiga qaytdi. Avval u masjidga kirib namoz o‘qimoqchi bo‘ldi. Masjidda bir navqiron yigit odamlarga ilm berayotgan ekan. Yigitning ilmi Molikni rom qildi. Uning ismini so‘ragan edi, ismi Anas deyishdi. “Kimning o‘g‘li?” – deb so‘radi. “Uning otasi yigirma yil avval uyidan chiqib ketgan Molik degan kishi”, deyishdi.
Darsdan keyin Molik yigit bilan uning uyiga bormoqchi ekanligini aytdi. Ammo uyiga yetib borishgach, yigitga: uyga kirib onangga: eshik oldida bir kishi turibdi, u ajabmas SIZ yoqtirmagan narsada yaxshilik yashiringan bo‘lsa, deb aytdi degin, dedi.
Onasiga kirib shu gapni aytishi bilan onasi: eshikni ochaver, u sening otang Molik bo‘ladi, dedi.
Ayol o‘tgan yigirma yil davomida o‘g‘liga biror marta uning otasi haqida yomon gap aytmagan edi. Ota-o‘g‘il quchoq ochib qaynoq mehr va sog‘inch ila ko‘rishdilar. Hamma yaxshilik Alloh iroda qilgan narsadadir.
"Shoyadki yoqtirmagan narsangiz siz uchun yaxshi bo‘lsa" (Baqara surasi, 216-oyat).
"Agar ularni yoqtirmasangiz, shoyadki, Alloh siz yoqtirmagan narsada ko‘pgina yaxshiliklarni qilsa" (Niso surasi, 19-oyat).
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar