
Bir DAN xodimi aytib berdi: "Oylik olgan kunim edi. Qo‘shimchasiga mukofot puli ham berishdi. Kayfiyat zo‘r. Bugun hech kimga jarima yozmayman dedim-da, ishga chiqdim. Xizmat joyimda tursam, uzoqdan yangi inomarka kelyapti. To‘xtatdim.
- Assalomu alaykum, aka, yaxshimisiz?
- Va alaykum assalom. Allohga shukr.
- Moshinalar muborak bo‘lsin!
- Sizga bundanam yaxshisini nasib etsin!
- Aka, men Falonchi Falonchiyev... Xizmatchilik, hujjatlaringizni tekshirib qo‘ysak.
Haydovchi bemalol dedi-da, hujjatlarini taqdim etdi. Sinchiklab tekshirsam-da biron muammo topolmadim. Bazadan shtraflarni tekshirdim: top-toza. Shunda shayton qurg‘ur eski sinalgan usulingni qo‘lla, deb qulog‘imga quydi. Haydovchiga jiddiy qarab:
- Aka, nima qoidabuzarlik qilganingizni bilasizmi? - dedim.
Odatda bunaqa paytda malakasiz va e’tiborsiz haydovchilar o‘zini yo‘qotib qo‘yar, ularga bironta navbatchi qoidabuzarlikni qo‘yvorsa bo‘laverardi. Haydovchi aka o‘zgarmadi ham, o‘sha-o‘sha kayfiyatda "bilmasam" dedi. "Tuzoqqa ilindi" dedim ichimda.
- "Polosa"ni bosdingiz. "Protokol" qilamizmi?
Haydovchi hech bo‘lmasa men bilan tortishishi, haqini talab qilishi, jilla qursa, "yozmay qo‘yovring, kamandir" deyishi kerak edi. Inomarka egasi favqulodda xotirjamlik bilan:
- Qoidani buzgan bo‘lsak, yozavering, - dedi.
To‘g‘risi bunaqa xotirjam haydovchini umrimda birinchi marta ko‘rib turibman. Bir tarafdan jahlim chiqadi, ikkinchi tarafdan vijdon qiynalyapti. Oxiri maqsadga o‘tdim:
- G‘alati odam ekansiz, kim nima desa ishonaverasizmi? - dedim kulgi aralash. U esa menga shunday javob berdiki, boshim g‘ovlab ketdi:
- G‘alati emasman. Menga Allohning salomini yo‘llab, go‘zal muomala qilgan odam meni aldamasa kerak.
Javob o‘q bo‘lib yuragimga joylangan edi. Ters o‘girildim-da, dodlab yubormaslik uchun chuqur nafas oldim. Hujjatlarni qaytarib berarkanman:
- Uzr so‘rayman, ketavering, hech qanday qoidabuzarlik qilmadingiz, dedim.
Inomarka egasi, hujjatlarni qutiga solarkan, ichidan kichik bir atirni oldi-da, menga berarkan: "Mana bu hadyani qabul qiling, chin dildan, umradan olib kelgandim. Assalomu alaykum!" dedi.
Qo‘llarim qaltirab zo‘rg‘a oldim. Yerga cho‘kkalab, uzoq o‘ylanib qoldim. Inomarka egasi menga mo‘minlikni o‘rgatib ketgan edi. O‘shandan beri birovga nohaq jarima yozmadim, hech kimga yomon muomala qilmadim..."
Davronbek Tojialiyev
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar