
Foto: Shutterstock
Prezident “Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Prezident farmoniga muvofiq tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish jarayonlarini muvofiqlashtirish va ularning ochiqligini ta’minlash, davlat nazorati funksiyalari, majburiy talablar va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslar elektron reyestrlarini yuritish imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi ishga tushirilgan.
Belgilanishicha, nazorat qiluvchi organlar tomonidan 2022 yil 1 noyabrdan boshlab:
- tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olinadi. Bunda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida mazkur tizimda ro‘yxatga olinmagan tekshiruvlarni o‘tkazish noqonuniy hisoblanadi;
- tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari hamda profilaktika tadbirlari to‘g‘risida ma’lumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritiladi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
a) nazorat qiluvchi organlar:
- “xavfni tahlil etish” tizimi natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlar boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik sub’ektini xabardor qiladi;
- tadbirkorlik sub’ekti ilgari tekshirilgan faoliyat davridagi predmeti va ob’ekti bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazishga va tadbirkorlik sub’ekti tomonidan avval taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emas;
- tadbirkorlik sub’ektlari uchun profilaktika tadbirlarini tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilgan reja-grafiklar asosida tadbirkorlik sub’ektlari moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda seminarlar, ommaviy muhokamalar, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, “ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini tashkil etish, tarqatma material va qo‘llanmalar bilan ta’minlash, tavsiya va xabarlar yuborish shakllarida amalga oshiradi;
b) tadbirkorlik sub’ektlari nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarini quyidagi hollarda tekshiruv o‘tkazish uchun o‘z hududiga qo‘ymaslik huquqiga ega:
- tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilmaganda;
- tekshiruv belgilangan tartibda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilmaganda yoki u xabardor etilmaganda;
- tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjud bo‘lmaganida;
- ular tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobiga ma’lumotlarni kiritishdan bosh tortganida;
Adliya vazirligi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Savdo-sanoat palatasi va nazorat qiluvchi organlar bilan birgalikda 2022 yil 1 noyabrga qadar davlat nazorati funksiyalari va tekshiruvlarni qisqartirish bo‘yicha takliflarni Strategik islohotlar agentligi kengashiga kiritadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar