23:56 / 25.09.2022
1 634

Rossiya urushda qatnashgan migrantlarga ham fuqarolik berishi dargumon

Rossiya urushda qatnashgan migrantlarga ham fuqarolik berishi dargumon
Rasmda ko‘rib turganingizdek ravishda fuqarolik berish, deb hech qayerga yozilmagan. Bu degani bir yil xizmat qilib kelganlarni hech kim non va tuz bilan kutib olmaydi. Fuqarolik olish uchun urushdan qaytgach (agar tirik qolsangiz) o‘zingiz yugurishingiz kerak bo‘ladi. Agar u vaqtga kelib, siyosat o‘zgarmay hozirgidek turadi, deb olsak ham qandaydir texnik sabab tufayli fuqarolikka arizangizni qabul qilmasliklari mumkin.

Buni Rossiya fuqarosi bo‘lgan xotini/bolasi/ota-onasi borlarniyam Saxarovoga borganida nechcha martalab arizalaridan xato topib qaytarib yuborayotganlar yaxshi biladi. Texnik sabablar bilan qaytarib yuborishlari yangilik emas, aslo.

Urushga harbiy tayyorgarliksiz borganlar tirik qaytmaydi. Birinchidan, harbiy tayyorgarlik ko‘rib, qurolli kuchlarda ishlab yurgan harbiylar haligacha urushni yuta olgani yo‘q. Harbiy tayyorgarligi bo‘lmaganlar qanday yutadi, endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring. Ikkinchidan, hozirgi zamon urushlari kinolardagidek emas. Siz raqib tarafni ko‘rmay ham to‘satdan kelgan raketa yoki yashirib qo‘yilgan minani bosib, yaralanishingiz mumkin. Yoki vafot etishingiz. Murdalarni hech kim Islomiy qoidalarga ko‘ra ko‘mmasligini tushuntirishning ham keragi yo‘qdur. Bu urush. Urushda esa janoza o‘tkazishga sharoit yo‘q. Uyingizdagi va mahalangizdagilar uchun janozangizni o‘qish qanday og‘ir bo‘lishini tasavvur qiling. Ustiga O‘zbekiston ulamolari bu urush harom ekani haqida fatvo chiqargan.

Mabodo, urushga borib, tirik qaytgan holingizda Rossiya davlati sizga sobiq askar/yaralangan faxriy sifatida moddiy yordam bera oladimi yoki yo‘q — katta savol ostida. Bunga oddiy misol — Afg‘on urushidan qaytganlar haligacha ijtimoiy yordam ololmayotganiga qarang. Yutubda bu haqida juda ko‘p ta’sirli hujjatli filmlar bor. Ayniqsa, hali fuqaroligi yo‘q odamga endi fuqarolik berib, ustiga moddiy yordam berishi kerak bo‘lsa, siz uchun budjetdan pul sarflash istagi qanchalik kuchli bo‘ladi, deb o‘ylaysiz? Afg‘onlarga haligacha yordam berilmagan bo‘lsa, ukrainachilarga yordam va nafaqa berilishiga qancha vaqt ketarkin?!

Siyosat o‘zgaruvchan narsa. Bugun urushni boshlaganlar yana qancha muddat hokimiyatda bo‘lishlarini hisoblab ko‘ring. Afg‘on urushi qatnashchilari tahminan hozirgidek vaziyatda qolishgan. Ular urushga boshqa davlat nomidan ketishgan. Urushdan qaytishgach esa o‘zlarini umuman boshqa davlatga qaytgandek his qilishgan ekan. SSSR ancha zamonaviylashib, erkinlashib, afg‘on qatnashchilari faxriy sanalmaydigan muhitga qaytib qolishgan. Siyosat albatta o‘zgaradi. Bunday sharmandali urush isnot, deb ko‘riladi. Isnotda qatnashganlar esa faxriy sanalmaydi. Sizning fidokorligingiz, joningizni xatarga qo‘yganingiz hech kimga kerak bo‘lmaganini, hech kim bunga zor bo‘lmaganini tushunib, xo‘rligingiz keladi. Lekin avvalgidek migrant bo‘lib ishlash uchun hattoki salomatligingiz ham, quvvatingiz ham, psixikangiz ham qolmagan bo‘ladi.

Urushga borib, kelgach fuqarolik ololmasangiz vataningizda sizni jinoiy javobgarlik kutadi.

Urushdan hech kim avvalgidek jismoniy va ruhiy salomatlikda qaytmaydi.

Hamma narsa o‘tkinchi. Urush ham o‘tib ketadi. Lekin yoshlik qaytmaydi. Vaqtingiz, umringiz, hayolingiz yaqinlaringiz bilan o‘tmasligi, tashvishigiz tirik qolishdan iborat bo‘lishi va bu uchun hech kim sizga rahmat aytmasligini o‘ylang. Qo‘lingiz qonga, tarixiy isnotga bulanadi.

Shularni yozayapman-u, parallel ravishda telegramimga push kelayapti: "Urushga borganlarga rostan 205 ming berarkanmi?"

Zarnigor Omonillayeva, huquqshunos

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat