21:34 / 08.10.2022
2 337

Oqqo‘rg‘onliklarni junbishga keltirgan voqea tafsilotlari

Oqqo‘rg‘onliklarni junbishga keltirgan voqea tafsilotlari
Ichki ishlar xodimi ekani aytilgan shaxs noma’lum ayol bilan telefondagi suhbat chog‘ida butun o‘zbekistonliklarni bo‘ralatib so‘kkani yozilgan audio jamoatchilikni junbishga keltirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda izzat-nafsi toptalganidan g‘azab otiga mingan odamlar Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani IIBga borib, o‘zlarini asossiz haqoratlagan xodimni topib berishlari talab qilingan videolar tarqaldi.

Ichki ishlar organi rahbarlari odamlar oldiga chiqib, xodimining harakatlari uchun javob berishga majbur bo‘lishdi.

Kun.uz manbalarining aytishicha, audioda alohida “hurmat” bilan tilga olingan ko‘plab oqqo‘rg‘onliklar og‘zibotir xodimni izlab uning uyigacha borishgan.

So‘kong‘ich xodimni topib berishni so‘rab Oqqo‘rg‘on IIBga borgan odamlar.
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Internetda uni otga sudratib jazolashni taklif qilganlar paydo bo‘lgan. Yigitning onasi o‘g‘lining beparda so‘zlari uchun jamoatchilikdan uzr so‘radi.

Ko‘p o‘tmay Toshkent viloyati hokimligi hammamizni bo‘ralatib so‘kkan yigitning videosini tarqatdi. U axloqsiz qilmishi uchun xalqdan yig‘lab kechirim so‘rarkan, o‘sha paytda mast holatda bo‘lganini aytadi.

O‘sha paytda men mast holatda edim. Jahlim chiqib har xil so‘zlar bilan haqoratladim. Nimalar deganimni o‘zim ham bilmayman. Butun Oqqo‘rg‘on aholisidan, O‘zbekiston aholisidan bir umr kechirim so‘rayman. Bu ishlarimdan pushaymonman. Ota-onamdan ham kechirim so‘rayman”, degan u.

Beparda so‘zlar bilan oqqo‘rg‘onliklar va butun o‘zbekistonliklarni haqorat qilgan sobiq profilaktika inspektori Abbos Sulaymonov.
Foto: Videodan skrinshot.

Biroq audioda erkakning gapirish ohangi mast odamnikiga o‘xshamaydi. Aftidan u olomonning g‘azabidan qutulib qolish uchungina shu bahonani o‘ylab topgan yoki unga bu gapni kimdir o‘rgatgan.

Holat yuzasidan bayonot bergan Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining matbuot kotibi Bobur To‘laganov butun o‘zbekistonliklarni haqorat qilgan shaxs 2022 yilda profilaktika inspektori lavozimiga ishga qabul qilinganini tasdiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, 30 yoshdagi xodim ko‘p o‘tmay xizmat faoliyati davomida o‘zini salbiy tomondan ko‘rsatgan, shu bois ichki ishlar xodimi degan nomga noloyiqligi va noo‘rin xatti-harakatlari sababli 30 avgust kuni ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan.

2 oktabr kuni Oqqo‘rg‘on tuman prokuraturasi ro‘y bergan holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi "g" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan, og‘zi shaloq sobiq xodim qamoqqa olingan.

Deputat Rasul Kusherbayevga ko‘ra, bu voqea davlat xizmatiga kadr tanlashda jiddiy nuqson borligini ko‘rsatadi.

Xodim nomus chegarasidan o‘tib, butun o‘zbekistonliklarni bo‘ralatib so‘kdi, oqqo‘rg‘onlik erkaklarning or-nomusini yerga urdi. Ushbu holat davlat xizmatiga kadr tanlashda jiddiy nuqson borligini ko‘rsatmoqda. Ya’ni kadrning ma’naviy dunyosi, xulqi va muomala madaniyati qandayligiga qaralmaydigan ko‘rinadi.

Inson qanchalik bilimli, uddaburon bo‘lmasin, ma’naviyati yuksak bo‘lmasa, ish olib borishda zo‘rlik va so‘kinishga tayanishi mumkin ekan. Bunday kadrning hech qanday qiymati yo‘q va undaylar davlat xizmatida bo‘lishi mumkin emas.

Menimcha, bunga davlat xizmatiga kadr tanlovchi mas’ullar prinsipial qoida sifatida qarashlari kerak. Aks holda yer yuzida o‘zbekistonliklar o‘zlariga xizmat qiluvchi amaldorlarining so‘kishi ostida yashaydigan xalq bo‘lib qolaveradi
”, deydi deputat.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oqqo‘rg‘onliklarni junbishga keltirgan voqea tafsilotlari