08:38 / 17.10.2022
1 404

Bolaga ota-ona mas’ul, o‘qituvchi emas!

Bolaga ota-ona mas’ul, o‘qituvchi emas!
Bir yili masjiddan, juma namozida katta pul o‘g‘irlangandi, tahoratxonada. O‘g‘ri videokameraga tushib qolgan, darhol aniqlangan edi. Qizig‘i, bu "o‘g‘ri" juma namoziga kelgan, tahorat olish uchun tahoratxonaga kirgan bo‘lgan.

Keyingi jumada imom bu holatga izoh bergandilar: "Xudoning rizoligini topaman, deb kelgan, ammo o‘g‘irlik qilgan, nimagaki bu yigitning luqmasiga harom aralashib qolgan. Bir tomondan, unga harom yedirgan ota-onaning katta aybi! Harom luqma o‘zini shunday eslatib turadi. Bu yigit o‘g‘irlik qipti, hozir afsusdadir, lekin u yana o‘g‘irlik qilishi mumkin. Sababi, o‘sha harom luqma uning qonida yuribdi..."

Bolalarni eplab bo‘lmay ketyapti, deymiz. Bu bor gap. Tarbiya qilib bo‘lmayapti, deymiz. Xuddi shunday. Sababi, xuddi yuqoridagi voqea sabab, tarbiya beruvchi tarbiyaga muhtoj! Yemoq-ichmoqning halol-haromligiga qaralmaydi.

Otasi katta yo‘lda yo‘l qoidasiga amal qilmagan, qaysidir haydovchining yo‘liga chiqqan, qisib o‘tgan, piyodalarni o‘tkazmagan, qizil chiroqqa bo‘ysunmagan... bo‘lsa bolasi odobli bo‘ladimi?

Halol-haromning farqiga bormagan usta, tadbirkor, bankir, sotuvchi, davlat amaldori... ning bolasidan nima kutyapsiz?

O‘zidan o‘zgani tan olmaydigan odamning bolasi ham o‘zidan boshqani bir tiyinga ilmaydi.

Unutmaylik, YOSH AVLOD bizning aksimiz. Bolalarimiz yaxshi bo‘lishini istasak, tarbiyani o‘zimizdan boshlashimiz kerak.

O‘qituvchiga biz o‘zimizning fe’l va sajiyada (xarakterda) nusxamiz bo‘lgan farzandlarimizni olib boramiz. O‘qituvchi bolamizdan norozi ekanmi, demak, bizdan ham norozi. O‘zimizning qusurimizni yo‘qotishimiz uchun ichimizdagi to‘pori g‘ururimizni, kibrimizni sindirib turishimiz lozim. Bu o‘zimizga ham, bolamizga ham juda katta foyda.

Bolangizga yomonlikni ravo ko‘rmaysizku, axir!

P.S. O‘qituvchining zo‘ravonligini yoqlamayman. Maqola mavzusi o‘qituvchi haqida emas.

Baxtiyor Abdug‘afur

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat