22:30 / 02.11.2022
2 693

Andijon hokimi uchun yangi «tomosha»...

Andijon hokimi uchun yangi «tomosha»...
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonning Jalaquduq tumanidagi maktablardan birida bo‘layotgan holat keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Qayd etilishicha, maktablardan biriga tuman hokimi Hikmatillo Latipov va viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov tashrif buyurishi munosabati bilan maktab o‘quvchilariga savollarga «shukronalik hissi bilan javob berish» tayinlangan.

«O‘quvchilar savollarga shukronalik hissi bilan javob bersinlar. Kelajakda o‘qishga kirish istagini 100% bildirsinlar (o‘qish niyati bo‘lmasa ham). Oilaviy muammolardan svet va gaz haqida gapirmasinlar», deyilgan maktab rahbariyatiga berilgan topshiriqlardan birida.

Holatga XTV matbuot kotibi Laylo Rustamova munosabat bildirib, «ahmoqona topshiriqlar berishni to‘xtating» deya xitob qildi.

«...Ta’limda bunday insonlarning ishlayotganligi achinarli juda ham!

Aslida bola o‘zidagi mavjud muammolarni ayta olishi kerak, qayerdan bilasiz balki u oilasida zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgandir yoki uni qiynayotgan boshqa muammolar bordir. Rahbarlarga o‘zini yaxshi ko‘rsatish uchun amalga oshirilayotgan bunday harakatlar bilan esa bugun o‘z qo‘limiz bilan kelajagimizni barbod qilamiz! Bugun boladan mana bunday narsani talab qilayotganlar ertaga yaxshilik kutmasin!

O‘qituvchilik oddiy kasb emas, bu kasb, yurak chaqiruvidir — o‘qituvchilardan bunday narsalarni talab qilmang, hurmatli ustozlar iltimos bunday talablarga quloq tutib, kelajak taqdiri sizga bog‘liq bo‘lgan navnihollarni sindirmang!

Hokim Andijon farzandlarining otasi ekan, farzand otasiga o‘zini qiynayotgan har qanday masalani aytishga haqqi bor, otasi eshitmagan bolani ko‘chada begonalar eshitadi, bu esa yaxshilikka olib kelmaydi. Hokim ham aynan shu uchun yoshlar bilan uchrashgani kelayotgani aniq, bu yo‘l bilan o‘zingizni yaxshi ko‘rsatmang!
», deydi u.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat