
Xovos tumanidagi 13-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida ajoyib eksperiment o‘tkazilibdi. O‘quvchilar otalariga qo‘ng‘iroq qilib yaxshi ko‘rishini aytgan.
Otalariga yaxshi ko‘rishini aytayotgan bolalarning ko‘zlaridagi samimiyat, yosh va mehr... Ayniqsa otalaridan “Men ham seni yaxshi ko‘raman, bolam”, degan so‘zni eshitganidagi quvonch yoshlari juda hayajonli chiqqan.
Hammamiz ertalab farzandlarimizni kuzatar ekanmiz, duo qilib, qancha darsi borligini, uyga qachon qaytishini, yaxshi o‘qishi kerakligini aytamiz. Ortidan bolam, seni yaxshi ko‘raman, desak u o‘sha kuni eng namunali o‘quvchi bo‘ladi. Biz uni kiyintirib, yedirib-ichirib, to‘kin qilib qo‘ydik, mehrimiz shu, deb o‘ylaymiz. Aslida mehr so‘zga ko‘chsa, yanayam jozibali bo‘ladi. Ayniqsa, qiz bola hayotida otaning o‘rni boshqacha. Hamma yaxshi gapni otasidan eshitishi kerak. Bo‘lmasa kimdir bu gapni aytsa, u jozibali ko‘rina boshlaydi.
Ota juda katta mas’uliyat va martaba. Farzandlar shu so‘zning o‘ziga ham suyanish, taftida isinish mumkinligini biladi. Ularning ham mehri bo‘g‘zida turadi. Kattalarning mehri so‘zga ko‘chsa, ularniki ko‘zga ko‘chadi. Bola-da yig‘lab aytadi. Mehri balqib ketar shu mahal.
Globallashuv hammani band va hamisha band mexanizmga aylantirib boryapti. Qo‘limizdagi matoh biz uchun xizmat qilmay, biz uning asiriga aylanib boryapmiz. Bolamiz qo‘ng‘iroq qilib, sizni yaxshi ko‘raman, desa, tinchlikmikan, deya o‘ylay boshlayapmiz. Chet el kinolaridan namuna olayotgan ota bolaga bola otaga iddao qilishi, baqirishi, behurmat qilishi singari holatlar uchrab turibdi. Buning o‘rniga nizoli vaziyatlarda ham mehr izhor qilinsa, hammasi joyiga tushadi-ku. Oila bo‘lib kitob o‘qish, kim o‘zarga yaxshilik qilish, suralar va hadislarni ko‘p yodlagan bola eng ko‘p rag‘bat oladish kabi an’analari bor xalqmiz.
Kechasi uxlab yotgan farzandingiz odiga o‘tirib, yuziga termulganmisiz. Unda bolaligingizni, beg‘ubor damlaringizni ko‘rasiz. Unga tikilaverib to‘ymaysiz. Shuginani bergan Allohga hamd aytasiz. Mehringiz balqib, sochlarini silagingiz, yuzlaridan o‘pgingiz keladi. Shirin uyqusini qizg‘onib, mehringizni ertalabga olib qo‘yasiz.
Bugun bolamizga mehrni qarzga beryapmiz. U kelajakda o‘zimizga bizdan olganicha qaytaradi. Shuning uchun bugun, hozir unga yaxshi ko‘rishimizni aytaylik.
PS. Shularni yozayotib, qizim Hulkaroyga “Seni dunyolar qadar yaxshi ko‘raman”, dedim. U “Men sizni osmon-osmon yaxshi ko‘raman”, deb qo‘limni o‘pib ko‘ziga surdi. Otamga qo‘ng‘iroq qilib “Ota, sizni yaxshi ko‘raman”, dedim. Otam uzoq duo qildi...
Manzura Shams
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar