
Ijtimoiy tarmoqlar keng axborot maydoni, yolg‘on rost bilan oq qora bilan aralashib ketgan. Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda buxorolik bir ayol 20 erkakka OITS yuqtirgani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlar oqimiga nazar solsak, hamma o‘sha ayolni qasddan bu ishni qilganlikda ayblamoqda.
Xo‘sh bu ayol kishi uning jinoyatini, axloqini, kasalini hech qaysi yo‘l bilan oqlab bo‘lmaydi. Lekin yigirma (hali aniqlangani) erkak ham fahsh yo‘l bilan yuqtirgan. Buning jazosini yuvib bo‘lmas qilib olibdi ham. Nega ular ayblanmaydi? Aslida fahsh erkak bo‘lmasa ayol fohishalik qilmaydi. Bu bilan men erkaklarni yomon, ayolni yaxshi demoqchi emasman. Alloh har bir ishni ko‘rib turibdi. Jazosi qiyin bo‘pti. Aslida har biriga rahmim keldi. Ilmsizlik, nafs, jaholat mana shu ishlarga olib boradi. Qalbida imoni bor odam fahsh botqog‘iga o‘zini tashlamaydi.
Bundan bir necha yil oldin “Saodat” jurnalida ishlaganimda Respublika OITS markazi press-konferensiya qilgan. Yoshlar nikohlanishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish masalasi endi kun tartibiga chiqqan vaqtlar edi, chamamda. Shunda markaz rahbarlaridan biri “Hamma o‘z ishi bilan band. Bir yilda bir bor tibbiy ko‘rikdan o‘tish malol keladi. Qachonki biror og‘riq bo‘lsa kasalxonaga murojaat qiladi. O‘zida qanday kasalliklar bor, qayerida nima kasallik rivojlanish arafasida bilmaydi. Bizning markazimizga nikohdan o‘tish oldida o‘zidagi kasallik aniqlanib murojaat qiladiganlar bor. Ko‘pchilik infeksiyani tish oldirish yoki davolatish, tatuaj, inga bilan davolanish jarayonida yuqtirishi mumkin. Shuning uchun istalgan odam tahlilga qon topshirib, tekshirtirib turishi mumkin”, dedi.
Ilgari yashagan joyimizda yon qo‘shnimning qizini unashtirishdi. Birdan to‘y bo‘lmasmish, degan gap chiqdi. Sababi kuyov bola to‘ydan oldin tibbiy ko‘rikka borsa, OITS aniqlanibdi. Balki o‘zi oldin buni bilmagandir. Balki biror muolaja payti yuqqandir, bunisi qorong‘u. Ammo to‘y qaytarildi.
Yigirma erkak, oila boshlig‘i, yigirma ayolning suyangan tog‘i juda maxfiy ish qildik, hech kim sezmadi, deb o‘ylagandir. Ammo Allohdan yashirolmagan siri bugun respublikaga yoyildi. Men ularni malomat qilmoqchi emasman. Hamonam tavba qilishga fursat bor. Yaxshiyam Allohning karami keng. Oshkor va yashirin, bilib yoki bilmay bunday gunoh ishga qo‘l urayotganlarga saboq, ibrat bo‘lsin. Hech kimning qoniga illat o‘rmalamasin.
Manzura Shams
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar