date
views 1 179

Abdulla Abduqodirov: O‘tgan yil muammolari va kelajakdan umidlar haqida fikrlar

Abdulla Abduqodirov: O‘tgan yil muammolari va kelajakdan umidlar haqida fikrlar
2022 yilning eng ayanchli voqeasi, albatta, Rossiyaning ozod Ukrainaga qilgan vahshiylarcha harbiy hujumi bo‘ldi. Yuz minglab oilalar judolik ko‘rdi, millionlab kishilar o‘z qo‘nimlarini yo‘qotdi, uy-joylaridan, bor-yo‘g‘idan ayrildi.

Kreml Rossiyaning hozirgi kuni va kelajagini yo‘qqa chiqardi. Rossiya nafaqat Ukrainaning, balki barcha qo‘shni mamlakatlarning eksiztensial tahdidiga aylanganini barcha tushunib yetdi.

O‘zbekistonda ham turli tektonik harakatlarning boshlanuvini anglatuvchi voqealar yuz berdi:

– bir yil avval yuz bergan “blekautga” qaramay, yozda yuz bergan elektr yetkazib berish inqiroziga qaramay, mamlakat energetikasi inersiya bilan ishlab kelmoqda va, natijada, eneregetika sohasidagi inqiroz kuchayib bormoqda. Vazir o‘zgarishiga qaramay, Prezident shaxsan energetika bilan shug‘ullanishga ahd qildi va qo‘shimcha 5 mlrd m3 dan ortiq bo‘lgan gaz defitsiti, inshaolloh, ichki imkoniyatlar hisobiga yopiladi. Umid qilamanki, mamlakat energetikasini import yonilg‘isiga tayantirmoqchi bo‘lgan va gazni defitsiti sharoitida ham gazni qayta ishlash quvvatlariga pul sarflantirgan korchalonlar faoliyatiga hali kerakli baho yana beriladi;

– keskin shishib ketgan davlat boshqaruv apparatini qisqartirish zaruriyati to‘la ta’kidlandi va ma’muriy islohotlarga yangi turtki berildi. Umid qilaman-ki, bu ishlar oxir oqibatda davlatning tadbirkorlik faoliyatini belgilashga aralashuvini keskin kamayishi, davlat xarajatlarining kamayishi va fiskal yukning kamayishiga olib keladi. Ma’muriy islohotlarning bir qismi sifatida sud organlari faoliyatini ham tubdan qayta ko‘rib chiqish nazarda tutilmoqda;

– farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohasida islohotlarni keskinroq amalga oshirish zaruriyati yil oxirida yuz bergan mudhish voqea - murg‘aklarning o‘limi tufayli yanada o‘z ahamiyatini yaqqol namoyon qildi. Endilikda chiroyli binolar, ishlamaydigan asbob-uskunalar soni emas, balki vrachlarning malakasi va har bir kasallik turlari bo‘yicha erishilgan ijobiy siljishlarga baho beriladi;

– soliq to‘lovchilar va davlat organlari baxslarida bundan buyon ham soliq to‘lovchilar tarafi ko‘proq olinadi;

– iqtisodiy rivojlanish drayverlari mohiyati va ularni harakatga keltiruvchi omillarga ko‘proq e’tibor berish zaruriyati anglanildi. Iqtisodiyotda turli g‘oyalar raqobati kuchayadi.

Shu bilan birga 2023 yilda biz:

– xalqimiz va Qurolli kuchlarimiz qudratini yanada oshiramiz;

– tobora zamonaviylashib borayotgan jamiyatimiz yoshlari fikr va orzulari bilan davlat siyosiy va boshqaruv tizimimiz mantiqi va asl ahvoli o‘rtasidani nomutanosiblik bundanda kamayib boradi. Ilg‘or fikrlovchi barcha yoshlar ko‘proq ovozga ega bo‘ladilar;

– Magic City, Tashkent City'ning haqiqiy egalari-yu, bu yerlarga sayrga har soatda minglab kelayotgan xalqimiz vakillari turmush darajasi o‘rtasidagi jarlik ham kamayib boradi;

– “qudratimizni ko‘rsatuvchi”, katta mablag‘larni talab qiluvchi, lekin xalq farovonligini bevosita oshirmaydigan investitsion loyhalar kam bo‘ladi;

- davlat miqyosidagi tadbirlarda dabdababozlik kamayib, samaradorlik ko‘proq ortib boradi;

– yoshlarimiz, jamiyatning barcha qatlamlari johil ekstremizm emas, ko‘proq ma’rifat va ta’lim yo‘lidan boradi

deb umid qilaman.

Hammasi o‘zimizga bog‘liq. Barchamizga Alloh madadkor bo‘lsin.

Abdulla Abduqodirov

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Abdulla Abduqodirov: O‘tgan yil muammolari va kelajakdan umidlar haqida fikrlar