20:23 / 07.01.2023
224

O‘zbekcha Wikipedia uchun beminnat xizmat qilayotgan Nodir Atayev bilan suhbat

O‘zbekcha Wikipedia uchun beminnat xizmat qilayotgan Nodir Atayev bilan suhbat
«Daryo» nashri 13 yildan beri o‘zbek tilidagi Wikipedia'dagi administratorlik qilib kelayotgan Nodir Atayev bilan intervyu uyushtirdi. Suhbat davomida mutaxassis o‘z faoliyati, Wikipedia'ning muhim jihatlari va «Vikistipendiya» loyihasi to‘g‘risida so‘zlab berdi.

«Wikipedia uchun bepul ishlaymiz»

O‘zbekcha Wikipedia'da tahrir qilish va maqolalar yozishni 2009 yilda boshlaganman. Aslida o‘zbekcha Wikipedia 19 yildan beri mavjud. Lekin bizda uni ko‘pchilik bilmaydi. Wikipedia'ni ko‘ngillilar yaratadi va yuritadi. Ya’ni hech kim maosh olmaydi. Menga o‘xshagan foydalanuvchilar bo‘sh vaqtida o‘zini qiziqtirgan mavzularda maqola yozadi. O‘zbekcha Wikipedia'mizning ahvoli yomon bo‘lishining sababi ko‘ngilli ravishda ishlaydigan foydalanuvchilar sonining oz bo‘lgani bilan bog‘liq.

Men o‘zimni til jonkuyari deb hisoblayman. O‘zimning ona tilimda boshqalar bepul ma’lumot topa olsin, degan maqsadim bor. Oddiy misol, bir kasallik haqida ma’lumot olmoqchi bo‘lsangiz Google'ga kirasiz va uni qidirasiz. Odatda natijalar rus tilida chiqadi. Koronavirus haqidagi ma’lumotlarni ham odamlar ruscha yoki inglizchada o‘qiydi. Bizning yagona maqsadimiz o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar o‘z ona tilida istagancha ma’lumot topa olsin.

G‘arbda tahsil olganim uchun ko‘rdimki, u yerda ko‘ngillilar juda ko‘p. Masalan, o‘qishga yoki ishga hujjat topshirayotganda rezyume yuborsangiz yoki insho yozsangiz albatta, ko‘ngilli sifatida nima ishlar qilganingizni so‘raydi. Chunki ular uchun bu tabiiy hol.

«Noyob loyihaga qo‘l urdik»

O‘zbekcha Wikipedia'da 19 yil davomida 140 mingta maqola yaratilgan. Shundan 60 mingtasi Milliy ensiklopediyadan olingan ma’lumotlar va bot yordamida yozilgan.

Ochig‘i, bizning jamoaga yordam kerak edi. Bizda ishtiyoq ancha pasaygandi. Chunki yirik minglab maqolalar yozish uchun katta potensial va ko‘psonli jamoa bo‘lishi zarur. Bizga mutaxassislar yetishmas edi.

Ammo 2022 yilning may oyida ajoyib loyihani yo‘lga qo‘ydik. Hozirda uning birinchi bosqichi yakuniga yetdi. Bu loyihamiz «Vikistipendiya» deb nomlandi. Marafonning asosiy maqsadi o‘zbek tilidagi Wikipedia'ni rivojlantirishga qaratilgan.

Loyiha o‘zbekcha Wikipedia'ning faol tahrirchilari jamoasi va Yoshlar ishlari agentligi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Bu noyob loyiha bo‘ldi.

O‘zbekcha Wikipedia'da maqolalar soni oz va borlarining ham sifati yaxshi emas edi.

Yoshlar ishlari agentligi aprel oyida «faol foydalanuvchilar bilan kelinglar, birga loyiha bajaraylik, maqolalarni soni va sifatini oshiraylik», degan taklif bilan chiqdi. Biz bunga rozi bo‘ldik.

Marafonda qatnashish uchun yosh cheklanmadi, istagan odam unda ishtirok eta oldi. Marafon 7 oy davom etdi va barchaga maqola yaratish orqali o‘zaro bellashish imkoni berildi.

Loyihada bir necha ming nafar odam qatnashdi. Marafon 20 dekabr kuni o‘z yakuniga yetganida maqolalarimiz soni 77 mingtaga oshdi. Marafon boshlangan paytda o‘zbekcha Wikipedia'da 140 mingta maqola bor edi, yakunda esa 217 mingtadan oshib ketdi. Bu katta yutuq.

Foto: Yoshlar ishlari agentligi
Taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi. Faol, eng ko‘p va sifatli maqolalar yaratgan foydalanuvchilar Yoshlar ishlari agentligi tomonidan bir martalik stipendiya bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rin egasiga 50 million so‘m berildi. Bu juda katta mablag‘.

Bunaqa marafonlar boshqa mamlakatlarda ham uyushtiriladi. Lekin hech qayerda bunchalik uzoq vaqt davomida yoki bu kabi katta mablag‘ fondi bilan uyushtirilmagan.

Foto: Yoshlar ishlari agentligi

Wikipedia'da o‘rnatilgan rekordlar

Loyiha davomida ko‘plab rekordlar o‘rnatildi. Masalan, noyabr oyi o‘zbekcha Wikipedia'ning 19 yillik tarixida eng ko‘p tahrir qilingan oy bo‘ldi. Shu oy davomida 250 mingtaga yaqin tahrir bo‘ldi. Shundan 105 mingtasi foydalanuvchilar tomonidan amalga oshirildi. Qolgani bot orqali bajarildi. Lekin foydalanuvchilar qilgan tahrir natijalari ham rekord hisoblanadi. Ya’ni o‘zbekcha Wikipedia'da hech qaysi oyda 105 mingta tahrir qayd etilmagandi.

Wikipedia mintaqada rus tilida ko‘proq o‘qiladi. Qirg‘iziston deysizmi yoki Tojikistonmi farqi yo‘q, barcha qo‘shni davlatlarda har doim rus tilidagi Wikipedia'ga tashriflar ko‘p bo‘ladi. Noyabrda mintaqada ilk bor o‘zbekcha Wikipedia'ga tashriflar soni O‘zbekistonning ichida ruscha Wikipedia'ga tashriflardan o‘zib ketdi. Bu o‘zbekcha Wikipedia'da kontent ko‘paygani va undan ko‘proq odam xabar topgani, onlayn dunyoda ruschani o‘rinini o‘zbekcha egallab borayotganini ko‘rsatadi. Bu ham yuqori natijalarimizdan biri bo‘ldi.

«Odamlar nega vaqtingizni sarflab tekinga maqola yozasiz deb ko‘p so‘raydi»

Ayrim insonlar Wikipedia'da ishlaysizmi, deb so‘raydi. Bu savol noto‘g‘ri. Chunki Wikipedia'da ishlash mumkin emas. U bepul va ochiq loyiha. Wikipedia'ga ko‘ngilli ravishda hissa qo‘shish kerak. Oylik olmasangiz nega vaqtingizni sarflab maqola yozasiz yoki kontent yaratasiz, deydiganlar ham uchraydi. Tushunishlari qiyin bo‘ladi. Biroz suhbatlashgach, tushuntirganimdan so‘ng, ha qoyil, ajoyib, men ham qiziqib ko‘raman deb aytib qolishadi. Lekin odamlar nima uchun ko‘ngillilik qilish kerakligini tushunmaydi. Bu bizda keng tarqalmagan. Aslida ko‘ngillik ravishda ishlashning yaxshi tomonlari ko‘p.

Albatta, odamlarni ko‘proq jalb qilish uchun tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib borish kerak. Marafonda qatnashganlar bu haqda tushunchaga ega bo‘ldi va ko‘ngillilar soni ko‘payadi.

Eng muhimi, o‘zimiz amalda ko‘rsatib berishimiz va misol bo‘la olishimiz kerak. Masalan, men shu paytgacha o‘zbekcha Wikipedia'da 50 mingta maqolani tahrir qildim. Ko‘ngilli sifatidagi faoliyatim sababli Wikipedia asoschisi Jimmi Ueyls bilan ko‘rishdim. Xalqaro anjumanlarga yetti marta to‘liq grant asosida bordim. Afrikadan tortib, Yevropa, Amerikada o‘tkazilgan global vikichilar anjumanlarida qatnashdim.

Masalan, 2022 yilda shu kabi anjumanlardan biri shimoliy Makedoniyada bo‘ldi. U yerda o‘zimizda o‘tkazilgan Wikipedia marafoni haqida ma’ruza qildim. Istanbulda ham anjuman bo‘ldi. Unda ham ishtirok etdim. Wikipedia'ga hissa qo‘shib, men faqat yaxshi yutuqlarga erishyapman.

Ijtimoiy tarmoqlarda 15 daqiqa sarflagandan ko‘ra, o‘sha vaqtni o‘zimni qiziqtirgan mavzuda maqola yozib qo‘ysam, uni kimdir o‘qiydi. Masalan, Google'da Erkin Vohidov qidirib ko‘ring. Xursandmanki, bu haqda inglizcha Wikipedia'da ham, o‘zbekchasida ham boshdan oyoq men yozgan maqola chiqadi. Wikipedia'ga yozib, joylagan har bir maqolangiz tarixiga kirib, uni necha marta o‘qilganini ko‘rishingiz mumkin. Bu sizdan foydali narsa qolayotganini bildiradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekcha Wikipedia uchun beminnat xizmat qilayotgan Nodir Atayev bilan suhbat