21:30 / 11.01.2023
424

Qizlarimiz ilmli bo‘lishsin

Qizlarimiz ilmli bo‘lishsin
Yaqinda ijtimoiy tarmoqda bir yigit oilasi bilan shifoxonaga borgani haqida yozibdi. Xotini bemorligi sababli ginekologga ko‘rsatishni istagan. Ammo mavjud ginekologlarning hammasi erkak ekan. “Ayolimni erkak shifokorga ko‘rsatmayman”, deb boshqa shifoxona izlagan.

Shu o‘rinda bir mulohaza tug‘iladi. To‘g‘ri, rashk va taqvo masalalarida hushyor bo‘lishimiz lozim. Ammo katta ehtimol bilan aytish mumkinki, bunday “taqvoli” yigitlar o‘z qizini ham shifokorlikka o‘qitmaydi. Qarabsizki, “yopiq doira” paydo bo‘ladi: qizlarimizni rashk qilib shifokorlikka o‘qitmaymiz, natijada ayol shifokorlar yetishib chiqmaydi va yana erkak shifokordan rashk qilib, ayol shifokor yo‘qligidan shikoyat qilamiz.

Xo‘sh yechim nimada? AzonTv ning «Tahlil” ko‘rsatuvi mehmoni bo‘lgan biologiya fanlari doktori Baxtiyor Abdulg‘ofurning bu borada o‘z mulohazalari bor.

O‘g‘illarimiz qatorida qiz farzandlarimizni ham albatta ilmli qilishimiz kerak, chunki millatni onalar tarbiyalaydi”, deydi Baxtiyor Abdulg‘ofur. - “Farzandlar tarbiyasida, ayniqsa qizlar tarbiyasida ona muhim rol o‘ynaydi. Ona savodli bo‘lsa, bolasini ham ilmga qiziqtiradi. Maktabdagi o‘qishi bilan doim qiziqadi, kerakli maslahat va tavsiyalar beradi. Cho‘ponlarda bir naql bor “Qo‘y sovliqdan, qulun biyadan”, deyishadi. Buning ma’nosi shuki, bolaning xarakteri va biror narsaga moyilligi onadan o‘tadi. Bu nafaqat tarbiya va namuna bo‘lish orqali, balki irsiyat orqali ham amalga oshadi. Bolaning aqliy salohiyati va biror kasbga moyilligi ham onadan bolaga o‘tadi. Demakki sog‘lom va aqlli millatni yaratmoqchi bo‘lsak, bo‘lajak onalarga e’tibor qarataylik.

Nafaqat irsiy merosga, balki ayollarning homildorlik vaqtida ham e’tiborli bo‘lishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Aytaylik ona homiladorlik payti ko‘p siqilsa, asabiylashsa, bola ham injiq va asabiy bo‘lib tug‘ilishi hammaga ma’lum. Yoki homiladorlik paytida uning organizmiga biror kerakli modda, vitamin va minerallar yetishmasa, bola nimjon va kasalmand bo‘lib tug‘iladi. Bunday bolaning ong va tafakkuri ham, qobiliyatlari ham haminqadar bo‘ladi, albatta.

Afsuski, xalqimizda yangi kelinlarga bir qul kabi qarashadi. Undan so‘zsiz itoatkorlik talab qilinadi. Lekin uning xohishlari bilan hisoblashilmaydi. Bu borada zolim qaynonalarimizda gap ko‘p. Ular go‘yo kelindan o‘ch olishsa-da, tug‘ilajak nabirasi va alal-oqibat millat kelajagini noqis va majruh qilib qo‘yishayotganiga aqllari yetmaydi. Chunki o‘zlari ham shunday munosabat va tarbiya ko‘rishgan. O‘qimaganligi va savod bo‘lmaganligi uchun bu haqda o‘ylab ham ko‘rishmaydi.

Agar qizlarimizni o‘qitsak, ayniqsa e’tiqodiy masalalarda savodli qilsak, borar joyida o‘z o‘rnini oson topadi, hurmat qozona oladi. Eri va qaynonasi oldida ham tili qisiq bo‘lmaydi. Taqvo-parhezli va ilmli ayollarning farzandlari ham onasiga o‘xshagan bo‘ladi. Ularning tarbiyasi ham shunga yarasha bo‘ladi. Tahorat bilan bolasini emizgan, o‘zi va bolasining luqmasi halol bo‘lishiga e’tibor bergan onaning farzandidan Buxoriy va Termiziylar yetishib chiqishiga umid qilsak bo‘ladi. Kelajak millat aqlli va sog‘lom, insoniy sifatlari ustuvor bo‘lishidan umid qilsak bo‘ladi
.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat