Suriyadagi terroristik harakatlarda qatnashgan namanganlik fuqaroga nisbatan sud hukmi o‘qildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha To‘raqo‘rg‘on sudida terroristik tashkilot faoliyatida ishtirok etgan 24 yoshli yigitga nisbatan sud hukmi o‘qildi, deb xabar beradi O‘zA.
Qayd etilishicha, Namangan shahrida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro 2020 yilning sentyabr oyida mavsumiy ishlash maqsadida Turkiyaning Istanbul shahriga borib, tikuvchilik sexiga ishga joylashgan. Ishlashi davrida internet orqali “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti sobiq yetakchisi “Abu Saloh”ning ma’ruzalarini muntazam tinglashi natijasida, unda ekstremistik qarashlar shakllangan.
So‘ngra “Tavhid va jihod katibasi” jangarilari safiga qo‘shilish maqsadida internet orqali mazkur tashkilotning 2 nafar a’zosi bilan tanishib, ularning yo‘l-yo‘riqlari asosida 2021 yilning yanvar oyida Suriya davlatiga o‘tgan.
U yerda harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti joylashgan hududni qo‘riqlash bilan shug‘ullangan.
Terrorizmga qarshi kurashish doirasida ushbu shaxsning qilmishlariga chek qo‘yilib, 2022 yilning iyun oyida ushbu yigit O‘zbekistonga olib kelingan hamda Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha To‘raqo‘rg‘on tuman sudining hukmiga asosan mazkur fuqaro Jinoyat kodeksining 155-2-moddasining (terrorizm) 1-qismi va 244-2-moddasining (ommaviy tartibsizliklar) 1-qismi bilan aybdor deb topilib, unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)