Bokschi Muhammad Ali vafot etdi

Amerikalik sobiq bokschi Muhammad Ali 3 iyun kuni, 74 yoshda, AQShning Arizona shtatidagi Finiks shahar kasalxonalaridan birida vafot etdi, deb xabar berdi “Darakchi” nashri.
3 iyun kuni Muhammad Alining og‘ir ahvoldaligi ma’lum bo‘ldi. Vrachlar sportchining tuzalib ketishi haqida hech nima deyishmagan. OAVdan olingan ma’lumotga ko‘ra bokschi sun’iy apparat orqali nafas olgan. So‘nggi daqiqalargacha oilasi uning yonida bo‘lgan. Muhammad Ali 1 iyun kuni o‘pkasidagi muammo tufayli kasalxonaga yotqizilgan, Parkinson kasalligi uning ahvolini battar og‘irlashtirgan. Shundan keyin u maxsus intensiv terapiya palatasiga o‘tkazilgan.
Muhammad Ali oxirgi marta aprel oyida Arizona shtatida o‘tkazilgan xayriya kechasida omma bilan uchrashgan edi.
Muhammad Ali (haqiqiy ismi — Kassius Marsellus Kley) 1942 yilning 17 yanvarida Luisvillda dunyoga kelgan. U 12 yoshdan boshlab, boks bilan jiddiy shug‘ullana boshlagan. Muhammad Alining ilk debyuti 1960 yil 29 oktyabrda bo‘lib o‘tgan. Sportchi og‘ir vazn toifasida 61 marotaba jang qilib, 56 marta g‘alaba qozongan (shundan 37 ta jang nokaut bilan yakunlangan).
Muhammad Ali — dunyoning eng mashhur bokschilaridan biri hisoblanadi. U 1960 yildan boshlab olimpiada chempioni, 1964-1966, 1974-1978 yillarda og‘ir vazn toifasida mutlaq chempion bo‘lgan. Besh marotaba “Yilning eng yaxshi bokschisi” unvoniga loyiq deb topilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing