Kadr: Telegram
Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘quvchi qizlar boshqa bir qizni kaltaklagani tasvirlangan videoga munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 4-5 nafar qiz tengdoshini urib-tepib, uni tiz cho‘ktirishga uringani tasvirlangan video tarqaldi. Aniqlanishicha, videoda aks etgan voqea 25 aprel kuni soat 15:00 larda Shayxontohur tumani “Samarqand darvoza” MFY, Uchlola ko‘chasi 4-uyning yerto‘la qismida sodir bo‘lgan.
Shu tumandagi 82-sonli umumta’lim maktabi 7-sinf o‘quvchisi S.S. dugonalari Ch., S., T. va G. bilan birga mazkur maktabning 8-sinf o‘quvchisi K.M.ni do‘pposlagan hamda tasvirga olingan videoni o‘zining Instagram’dagi sahifasiga joylab tarqatgan.
Hozirda holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB xodimlari tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Afsuski, keyingi paytlarda ular ishtirokida sodir bo‘layotgan xunuk voqealar katta-yu kichikni birdek ranjitib, tashvishlantirmoqda. Hech bir zamonda o‘zbek qizlarining bunday ahvolga tushmagani bugun barchamizning dilimizni xira qilib, millatimiz sha’niga dog‘ bo‘lmoqda. Bu esa nafaqat pedagoglar, balki ota-onalarimiz zimmasiga ham farzandlarimiz, jumladan, qizlarimizning tarbiyasida katta mas’uliyat yuklaydi”, — deyiladi boshqarma munosabatida.
Bir necha kun oldin Toshkent shahri Yangihayot tumanida 12 aprel kuni ikki qiz boshqa bir qizni “samosud” qilgani haqida xabar berilgan edi.
Jabrlanuvchi bir behayo suratdagi qizni o‘zidan yuqori sinfda o‘quvchi qiz ekanini aytib, maktabda mish-mish tarqatgan. Buni eshitgan qiz esa uni do‘pposlagan. Holat yuzasidan Yangihayot tumani ichki ishlar organi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar