10:21 / 30.04.2023
291

Kichik ishlar kattasidan darak beradi...

Kichik ishlar kattasidan darak beradi...
Xatib Bag‘dodiy rohimahulloh "Tarixu Bag‘dod"da, ibn Asokir rohimahulloh "Tarixu Dimashq"da, Mizziy "Al-kamol"da keltirishadi:
 
"Asma’iy aytadi:
"Bir kuni Horun ar-Rashidning huzurida o‘tirgan edim. Unga kishilar Ofiyat ismli qozidan shikoyat qilib kelishdi. Xalifa qozi Ofiyatni chaqirdi. Majlisda juda ko‘p odam bor edi. Horun ar-Rashid unga gapirdi. Kishilarning shikoyati haqida esladi. Majlis cho‘zilib ketdi. Shu orada Horun ar-Rashid birdan aksirib yubordi. Atrofdagilarning barchasi "yarhamukalloh" deyishdi. Ammo qozi Ofiyat indamadi.
Horun ar-Rashid so‘radi:
- Nega sen boshqalar kabi menga "yarhamukalloh" demading?
 
Qozi dedi:
- Chunki sen "alhamdulillah" demading, ey mo‘minlar amiri. Nabiy sallollohu alayhi va sallamning huzurlarida ikki kishi aksirdi. Nabiy sallollohu alayhi vasallam ularning biriga tashmit aytdilar. Ikkinchisiga aytmadilar.
Shunda ulardan biri aytdi:
- Ey Allohning Rasuli! Nega unga tashmit aytdingiz-u menga indamadingiz?
 
Nabiy sallollohu alayhi vasallam dedilar:
- U aksirib Allohga hamd aytdi. Sen bo‘lsang aytmading. Shuning uchun senga tashmit aytmadim!
 
Buni eshitgan xalifa qozi Ofiyatga dedi:
- Borib ishingni davom ettiraver. Aksirib "alhamdulillah" demagan kishini avf qilmagan inson boshqa katta ishlarda albatta adolatsizlik qilmaydi!".
 
Insonlarni tanishingiz uchun ularning qalbi tubida yashashingiz shart emas. Ular turli vaziyatlarda o‘zliklarini oshkor qilishadi.
 
Kishilarning o‘zidan pastdagi insonlarga qiladigan muomalasidan ko‘ksidagi qadriyatlarini, olgan tarbiyasini anglasa bo‘ladi. Bizning haqiqiy axloqimiz oddiy qorovulga, ko‘chalarda ozgina narsani sotib o‘tirgan kishiga, ko‘cha tozalovchiga, uydagi xizmatkorga qilgan muomalamizdan bilinadi.
 
Vazirlarga, hokimlarga, raislarga, mudirlarga hamma o‘zini odobli tutaveradi.
 
Haqiqiy axloq g‘azab holatida bilinadi. Xursandchilikda hamma siyosatchi bo‘ladi. Shuning uchun arablar aytishadi: "Do‘st tutmoqchi bo‘lgan odamingni g‘azabini keltir. Agar senga zarar bermasa do‘st tutaver!".
 
Er-xotinlarning axloqi yotoqxonada emas, hayot yo‘llarida bilinadi. O‘zaro ixtilof chiqqanida, maosh yetmay qolganida bilinadi. Vaziyat haq va burchlarga emas, chiroyli muomalaga ehtiyoj sezganida bilinadi!
 
Biz gohida kelishmovchiliklar oldida qarzdor bo‘lamiz. Chunki bu ixtiloflar bizni boshqalarga, boshqalarni esa bizga fosh qiladi, tanitadi!
 
Sizning haqiqiy xulqingiz masjidda bilinmaydi. Masjidda hamma o‘zini taqvodor va sipo ko‘rsatadi. Haqiqiy xulqingiz masjiddan chiqqaningizda,  do‘koningizda, ko‘chada, mashina haydaganingizda, savdo qilganingizda, qarz oldi-berdingizda, bemor ko‘rganingizda, ustaxonangizda, mansabda turganingizda va qisqasi muomalotda bilinadi!
 
Sizning madaniyatga erishganingizni profilingizda kitob bilan qahva suratini qo‘yganingizdan emas, istirohat bog‘ini qanday holatda tark qilganingizdan, suvdan bo‘shagan yelim idishlarni qayerga tashlaganingizdan, g‘ijimlangan qog‘ozni mashinadan uloqtirgan yoki uloqtirmaganingizdan bilinadi!
 
   Kichkina ishlar aslida katta ishlardan darak beradi, tushuning!
 
Abdulqodir Polvonov
Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat