17:55 / 05.06.2023
491

“Barchamiz uchun jiddiy signal bo‘ldi” — qashqadaryolik yetti bloger o‘z faoliyatini tugatdi

“Barchamiz uchun jiddiy signal bo‘ldi” — qashqadaryolik yetti bloger o‘z faoliyatini tugatdi

Qashqadaryo viloyatida faoliyat yurituvchi 7 nafar bloger faoliyatini tamomlaganini eʼlon qildi. Jumladan mayda bezorilikda ayblanib, yaqinda 5 sutkadan ”o‘tirib chiqqan” Kapitan Karimov, Maqsud Muzaffarov va boshqa blogerlar.

Kapitan Karimov nomi ostida ijod qiluvchi bloger Umid Karimov telegram kanalida 29.05.2023 deya 5 sutka qamalgan kuniga urg‘u berar ekan, shu kundan barchasi tugaganiga ishora qilgan.

Kapitan Karimov
Foto: Kapitan Karimovning shaxsiy arxividan.

“Daryo” jurnalisti Umid Karimov bilan suhbatlashib, bunday qarorga kelishi sababi bilan qiziqdi.

“Suddan bodikamerani ko‘rishini qayta-qayta iltimos qildim. Advokat berishini yoki tanish advokatimga xabar berishimga imkon so‘radim. Sud bodikamerani ko‘rmadi, advokat bilan taʼminlamadi. IIB xodimini urmadim, so‘kmadim. Ammo, 5 sutkaga qamaldim”, — deydi bloger faoliyatini tugatishiga sabab bo‘lgan voqea haqida gapirar ekan.

“Ishonganim qonun va huquqni muhofaza qiluvchi organlar edi, ularga ishonch yo‘qligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim“

Avtobloger Maqsud Muzaffarov ham faoliyatini tugatganini eʼlon qilib, “Menga ota-onamning istak-xohishi hamma narsadan muhim. Men bilan shu vaqtgacha yelkama-yelka turgan barchaga rahmat”, deya so‘nggi fikrini yozib qoldirdi.

Maqsud Muzaffarov
Foto: Maqsud Muzaffarovning shaxsiy arxividan.

“Daryo” jurnalisti Maqsud Muzaffarovdan qo‘shimcha maʼlumot olishga urindi.

“Haqiqat yo‘qligini ko‘rdim, ikki og‘iz tuhmat bilan qamalib ketganimdan so‘ng ishonchim so‘ndi. Mening ortimda ‘tankam’ yo‘q. Kimga ishonishimni, qaysi organga ishonishimni ham bilmay qoldim, ishonganlarim qonun va huquqni muhofaza qiluvchi organlar edi, ularga ishonch yo‘qligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rgach, umidim so‘ndi”, — deydi u.

“So‘nggi ishlar barchamiz uchun ‘jiddiy signal’ bo‘ldi” — Azizbek Yazdurdiyev

Azizbek Yazdurdiyev
Foto: “Daryo”

Bloger Azizbek Yazdurdiyev esa “Menda qo‘rquv bo‘lmagan. Shunday muhitda tarbiyalandim. Haqlik uchun doim baralla gapirdim, jonim xatarda qolsa ham. Vatanni hech kimdan kam sevmadim, hatto ‘o‘zbekka dushman’ deyishsa ham. Oilamni taqib qilishdi, shaxsiyatga tegishdi, baribir davom etdim. ‘So‘z erkinligi’ uchun kurashdik, biroq… Bugun vaziyat jiddiylashdi. So‘nggi voqealar, yaʼni Kapitan Karimov va Maqsud Muzaffarov bilan sodir bo‘lgan voqealar, atigi bir savol uchun qamalib ketish, nafaqat OAV, balki inson huquqlari bilan bog‘liq so‘nggi ishlar barchamiz uchun ‘jiddiy signal’ bo‘ldi.

Birinchi rahbar tomonidan uzoq kutilgan erkinlikning berilishi, yaqinda Konstitutsiyada kafolatlangan erkinliklardan juda ruhlangan edim. Biroq, o‘rtada katta kuchlarning borligi (qarshiligi) hafsalamni pir qildi. Qisqasi, oilamga tinchlik kerak. Shu kungacha, meni yolg‘iz qoldirmagan barchaga minnatdorchilik bildiraman. Boshingiz omon bo‘lsin”, — deya faoliyatini tugatishiga sabab bo‘lgan voqealar haqida gapirdi.

“Vayner bo‘lib qaytishim mumkin yoki shunchaki hazil latifalar yozuvchi”, — Otabek Artikov

Faoliyatini tugatgan blogerlar orasida Otabek Artikov ham bor. U faoliyati yakunlashiga sabab bo‘lgan holatlar haqida yozar ekan, “Nima topdik nima yo‘qotdik buni bilmayman, bilganim sizlar bilan o‘tgan vaqtimga achinmayman”, deydi u.

Otabek Artikov
Foto: Farrux Fayziyev.

“Hurmatli blogim kuzatuvchilari bugundan boshlab men blogerlik faoliyatimni butunlay yakunlashga qaror qildim, sabablari ahamiyatsiz, shunchaki barcha tarmoqlardan ketishni va oddiy hamda sokin hayot kechirishni istayman. Men blogimdan moddiy daromad topib boyib ketganim yo‘q, mashhurlikni ketidan quvganim ham yo‘q. Mashhur ham emasman. Shunchaki bu xobbi orqali odamlarning oz bo‘lsada muammolarini yechishni istagan edim. Nima topdik nima yo‘qotdik buni bilmayman, bilganim sizlar bilan o‘tgan vaqtimga achinmayman. To‘rt yil davomida men bilan bo‘lgan barchaga katta rahmat”, — deydi bloger.

“Daryo” jurnalisti bilan suhbatda bo‘lgan Otabek Artikov kelajakda yana qaytishi mumkinligi haqida ham gapirib, qaytsa ham muammolar haqida yozmasligini aytmoqda.

“Vayner bo‘lib qaytishim mumkin yoki shunchaki hazil latifalar yozuvchi. Lekin tanqid qilmayman. Murojaat ham chiqarmayman, qaytgan taqdirimda ham”, — deydi bloger.

Qashqadaryoda shuningdek, blogerlar Zohirshoh Jo‘rayev, O‘raljon Kamolov, Humoyun Xudoyorovlar ham blogerlik faoliyati tugatilganini maʼlum qilgan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Barchamiz uchun jiddiy signal bo‘ldi” — qashqadaryolik yetti bloger o‘z faoliyatini tugatdi
ePN