14:20 / 22.06.2023
337

To‘qayev «insoniyatning chinakam elitasi» kimlar ekanini aytdi

To‘qayev «insoniyatning chinakam elitasi» kimlar ekanini aytdi
Foto: Akorda.kz
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mushkul holatda qolganlarga ko‘ngilli ravishda ko‘mak ko‘rsatuvchi toifa – volontyorlar faoliyatini rag‘batlantirish uchun ularga uzoq muddatli grantlar ajratishni taklif qildi.
 
Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro volontyorlar forumida nutq so‘zlagan Q.To‘qayev ushbu xayriya faoliyatini mintaqa miqyosida rivojlantirish muhimligini ham ta’kidladi.
 
«Men davlat rahbari sifatida xalqaro volontyorlik dasturlari xalq diplomatiyasi doirasida eng samarali usullardan ekaniga ishonaman. Yana ishonchim komilki, hayotini o‘zgalar, xususan, xorij hamjamiyatlari vakillariga ko‘makka bag‘ishlagan insonlar har jihatdan hurmatga va insoniyatning chinakam elitasi deb atalmoqqa loyiqdir», – dedi Q.To‘qayev.
 
Volontyorlik yolg‘iz qariyalarga g‘amxo‘rlikdan tortib tabiiy ofatda jabr ko‘rganlarga ko‘mak ko‘rsatishga qadar – turli jabhalarni qamragan beg‘araz xayriya faoliyatidir.
 
O‘zbekistonda ham 2019 yil 2 dekabrda «Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida» qonun qabul qilingan. 2020 yil 4 dekabrda O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi tashkil etilgan.
 
Qonunchilikka ko‘ra, volontyorlik orqali kam ta’minlanganlar, ko‘p bolalilar va boshpanasizlarga yordam ko‘rsatish, bemorlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda qariyalarni parvarishlash, sport, madaniy tadbirlarni tashkil etishga ko‘maklashish, shuningdek, boshqa usullarda xayriya ishlarini amalga oshirish mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » To‘qayev «insoniyatning chinakam elitasi» kimlar ekanini aytdi
ePN