16:47 / 14.08.2023
125

Aliment undiruvlari doimiy e’tiborda

Aliment undiruvlari doimiy e’tiborda

Aliment va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni undirish Byuro organlarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu bois, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan ishchi guruh shakllantirilib, hududiy bo‘limlarga amaliy yordam ko‘rsatish uchun safarbar etildi. Maqsad byuroning hududiy bo‘limlari ish yurituvida bo‘lgan ijro hujjatlarini kamaytirish, aliment to‘lovlarini hamda  boshqa qarzdorliklarni o‘z vaqtida undirilishini ta’minlash.  Ishchi guruhining navbatdagi manzili Qumqo‘rg‘on tumani bo‘ldi.

Qumqo‘rg‘on tumanida 2 kunlik tadbir davomida Ishchi guruhi tomonidan aliment undiruvlari bilan bog‘liq 1 ming 548 ta ijro hujjatlari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida 978 nafar aliment to‘lovchilarning doimiy daromad manbaiga ega emasligi aniqlandi.

Aliment undirish bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha ishsiz, yordamga muhtoj, og‘ir ahvolga tushib qolgan aliment to‘lovchi qarzdorlarning manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Bandlik va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda qarzdor otalarning doimiy bandligini ta’minlash maqsadida mehnat yarmarkasi ham tashkil etilib, 11 nafar aliment to‘lovchilarning bandligi ta’minlandi.

Bundan tashqari, ikki kunlik tadbir davomida 84 ta aliment ijro hujjatlari bo‘yicha 435 mln. so‘m aliment qarzdorliklari undirilishi ta’minlandi.

Tadbir davomida Byuro xodimlarining tashabbusi va keng jamoatchilikning aralashuvi bilan 8 ta oilani o‘zaro yarashtirilishiga erishildi. Xususan, tumanda yashovchi Turg‘unbek Esanov turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishmovchiliklari sababli ajrim yoqasiga kelib qolgan edi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudining joriy yil aprel oyidagi sud buyrug‘iga asosan voyaga yetmagan 3 nafar farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment undirilishi belgilanib, majburiy ijroga qaratilgan. Soha xodimlarining e’tibori, Nuroniylarning pand nasihati Turg‘unbek Esanov farzandi va turmush o‘rtog‘i bilan yana bir oila bo‘lib yashashga undadi. Bir so‘z bilan aytganda oila yarashtirildi.

Byuroning tuman bo‘limi binosida tashkil etilgan sayyor sud jarayonlarida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan qarzdor otalarga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar taraflar ishtirokida muhokama qilindi. Aliment to‘lovlaridan bo‘yin tovlagan 4 nafar qarzdor otalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.


Komil Xolmo‘minov,
Byuroning Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi boshlig‘i


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat