Foto: Twitter / Delhi Customs
Tilla taqinchoqlarni noqonuniy ravishda Hindiston hududiga olib kirishga uringan O‘zbekiston fuqarolari to‘xtatib qolingani to‘g‘risida xabar berilgandi. O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev mazkur holatga o‘z munosabat bildirdi.
“Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliy zargarlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga binoan jismoniy shaxslar qiymati 100 million so‘mgacha bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, 100 million so‘m va undan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqishlari mumkin.
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda, ma’lumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga tijorat maqsadlarida olib chiqishlariga ruxsat etiladi.
“Ya’ni erta xulosa chiqarishga shoshilmang — qaysidir mamlakatda noqonuniy olib kirishda to‘xtatib qolingan tovar boshqa mamlakatdan ham noqonuniy ravishda olib chiqilganini anglatmasligi mumkin”, — deb yozadi Tangriyev.