Foto: UAZ matbuot xizmati
Rossiyaning Ulyanovsk avtomobil zavodi (UAZ) O‘zbekistonda avtomobil yig‘ishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Buning uchun Toshkent viloyatidagi “Chirchiq” texnoparki maydoni ko‘rib chiqilmoqda.
“UAZ vakillari O‘zbekistonda avtomobil yig‘ishni yo‘lga qo‘yish niyatini bildirdi va buning uchun texnopark maydonlarini ko‘rib chiqmoqda”, — deyiladi texnopark matbuot xizmati xabarida.
Ma’lum qilinishicha, UAZ Rossiya avtomobil zavodi vakillari 21 avgust kuni “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkiga tashrif buyurib, bu boradagi qiziqishini bildirgan. Tashrif davomida mehmonlar texnopark faoliyati bilan tanishdi va rezident maqomini olgan investorlar uchun imkoniyatlar haqida gapirib berildi.
“Ulyanovsk avtomobil zavodi” (UAZ) 1941 yilda tashkil etilgan. UAZ savdo markasi ostida yuqori o‘tish qobiliyatiga ega to‘liq g‘ildirakli yengil va kam tonnajli yuk-yo‘lovchi avtomobillarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 2000 yildan Sollers avtomobil konserni tarkibiga kirdi.
Bundan bir necha yil avval UAZning MDH bo‘limi rahbari Aleksey Zabolotnov UAZ avtomobillarini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejasi haqida gapirgandi. “O‘zbekistonda avtomobil biznesi borasida juda yaxshi imkoniyatlar bor”, — degan edi u Toshkentda o‘tkazilgan ko‘rgazmada.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!