Foto: Dunyo AA
O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Malayziya transport vaziri Lok Syu Fuk bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».
Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida transport sohasida o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Jumladan, aviaqatnovlar va temiryo‘l yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
Xorij tomoni Malayziyaning Batik Air aviakompaniyasi tomonidan joriy yilning noyabridan Kuala-Lumpur – Toshkent – Kuala-Lumpur yo‘nalishida haftasiga uch marta amalga oshirilishi rejalashtirilgan aviaqatnovlarni olqishladi.
Malayziya transport vaziri ikki davlatni temiryo‘l orqali bog‘lovchi koridorlarni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tomonidan olib borilayotgan ishlarni e’tirof etib, mazkur yo‘nalishda o‘zaro hamkorlikni jadallashtirish maqsadga muvofiqligini bildirdi.
«Ikkala davlatni temiryo‘l orqali bog‘laydigan ushbu marshrut yagona transport koridori hisoblanadi. Ushbu yo‘nalish o‘zbek mahsulotlari uchun Malayziya Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bozoriga kirishda logistika habi bo‘lishi mumkin», dedi u.
Joriy yilning mart oyida ikki davlat temiryo‘l koridorlarini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi tuzildi. Toshkent – Chimkent (Qozog‘iston) – Urumchi – Sian – Chunsin – Kunming (Xitoy) – Laos – Tailand – Perlis – Klang (Malayziya) marshrutini o‘rganish va undan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Uchrashuv yakuni Batik Air va Uzbekistan Airports o‘rtasidagi muzokaralarni jadallashtirish hamda joriy yilning noyabr oyidan boshlab mazkur Malayziya aviakompaniyasining O‘zbekiston yo‘nalishidagi aviaqatnovlarini yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston Transport vazirligi mutaxassislarining Malayziyaning ilg‘or tajribasini o‘rganish bo‘yicha Kuala-Lumpurga ishchi safarini ishlab chiqish to‘g‘risida kelishib olindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!