«Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2023 yil 15 oktyabrdan boshlab, dastlab 28 ta tuman va shaharda eksperiment tariqasida, prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi va ijtimoiy xodimlar guruhi ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Ular og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar va oilalarga bevosita mahalla darajasida kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatadi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining ehtiyojlari va mavjud imkoniyatlarini baholash orqali ularga individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish rejalarini ishlab chiqadi. Aholiga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar to‘g‘risida, shuningdek, aholining mazkur xizmatlarni olishga bo‘lgan huquqlari bo‘yicha tushuntirish beradi.
2023 yil 15 oktyabrdan boshlab talabgorlarni o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi yoki yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxs deb e’tirof etish yoki bekor qilish, shuningdek, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga kiritish «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlarining qaroriga asosan amalga oshiriladi.
Markazga muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini Agentlik huzuridagi uy-joy fondiga ega bo‘lgan muassasalarga olti oy muddatgacha vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish huquqi beriladi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatlari markazlari va ularning filiallarida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan «Ijtimoiy xizmat darchasi» faoliyati tashkil etiladi.
Agentlik 2024 yil 1 yanvarga qadar:
- Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda «mahalla yettiligi» tomonidan yagona savolnoma asosida mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi muammolarini aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yilishini;
- og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan aholi toifalarini aniqlash yuzasidan takliflar Hukumatga kiritilishini ta’minlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!