Xayrulla Hamidov: OKMK qay o‘yinning badalini to‘ladi, buni bilmadim... Endi muxlislar hal qilishadi menimcha
Kecha Osiyo chempionlar ligasi va APL doisrasidagi o‘yinlar o‘tkazildi. Ular orasida "Sepaxon" - OKMK 9:0, va "Tottenxem" - "Chelsi" 1:4 o‘yinlari ko‘pchilikning bahas-munozaralariga sabab bo‘ldi.
Taniqli sharhlovchi Xayrulla Hamidov telegramdagi sahifasida ushbu ikki bellashuvdagi o‘xshashlikka e’tibor qaratdi.
- Kechagi oqshom OKMK va “Tottenxem” uchun o‘ta og‘ir keldi. Tarkibidagi muammolar o‘yin payti ikki karra, uch karra kattalashib, natijaning qo‘rqinchli tus olishiga sabab bo‘ldi. Biri umuman o‘yinni tashlab yuborgan bo‘lsa ham, negadir o‘xshashlik bor.
Bunda “Sepaxon” va “Chelsi”ning zarracha aybi yo‘q. Ularga g‘alaba kerak edi, qo‘lga kiritishdi o‘sha natijani. Biri juda oson jazoladi, biri oxiriga kelib…
Futbol ham hayotning bir qismi. Taqdir. Yaqinda “Tottenxem” va “Liverpul” bahsidagi voqealarning ko‘rinishi shundoq qaytarilgandek tuyuldi: Bahsni to‘qqizta bo‘lib tugatish, bir uyum jamoaga qarshi raqibning hujumi. OKMK qay o‘yinning badalini to‘ladi, buni bilmadim.
Endi hayot oldinda. Keyini juda qiziq, ikki jamoa buni bir martalik o‘yin, deb qabul qiladimi yo natija, kayfiyat keyingi turlarga ta’sir etadimi?
Buni ko‘proq OKMK va “Tottenxem” muxlislari hal qilishadi menimcha. Yo olqishlab dalda bo‘lishadi, yo… - deya fikrlarini yakunladi Xayrulla Hamidov.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring