"2024 yilda Namangan viloyatining Chust tumanini Xitoy tajribasi asosida, shu jumladan yangi yondashuvlar, innovatsion va “yashil texnologiyalar” hamda boshqaruvda zamonaviy usullarini qo‘llagan holda kambag‘allikdan chiqarish to‘g‘risida"gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
Quyidagilar Chust tumanini 2024 yilda rivojlantirish, kambag‘allikdan xoli hududga aylantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:
- sektor rahbarlarining faoliyati samaradorligi ko‘rsatkichlarini hududdagi ehtiyojmand aholini individual dasturlar orqali kambag‘allikdan chiqarish natijalari asosida baholash;
- hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, jumladan Xitoy tajribasi asosida tadbirkorlik sub’yektlarini innovatsion faoliyatga keng jalb etish, kambag‘al aholini arzon va uzluksiz energiya bilan ta’minlashda innovatsion hamda yashil texnologiyalarni joriy etish;
- mahallalarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, jumladan o‘z faoliyatiga innovatsion yechimlarni tatbiq etgan tadbirkorlik sub’yektlarini rag‘batlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda ishsizlikdan xoli hududga aylantirish;
- mahallalar “drayveri”dan kelib chiqqan holda ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini tashkil etish;
- bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlari hamda mavjud tabiiy resurs va zaxiralardan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish orqali ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish;
- mahallalar ixtisoslashuvini hisobga olgan holda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik yo‘nalishlarida mikromarkazlarni tashkil etish;
- yer va suv resurslaridan samarali foydalanish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish hamda Xitoy tajribasi asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish;
- mavjud sug‘oriladigan yerlarni unumdorligini oshirish, suv tejashning ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish;
- infratuzilmaviy shart-sharoitlarni yaratib berish orqali ishlab chiqarishni kengaytirish hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish;
- tuman hududidan o‘tuvchi xalqaro va davlat avtomobil yo‘li bo‘ylarida xizmat ko‘rsatish obektlarini hamda turizmni rivojlantirish, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratish.
Namangan viloyati hokimligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Chust tumani Rezaksoy mahallasida joylashgan Rezaksoy suv ombori hududida “Rezaksoy turizm zonasi” tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Chust tuman hokimligi bilan birgalikda Chust tumanida qurilish materiallarini ishlab chiqarishni rivojlantirish, tog‘li hududlarida aniqlanmagan yangi konlar, mineral xomashyo resurslarini o‘rganish hamda foydali qazilma konlarini aniqlash va geologik qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring