23:49 / 11.12.2023
75

Saida Mirziyoyeva: “Biz jadidlarning ta’lim borasidagi g‘oyalarini hayotda qo‘llashga intilmoqchimiz”

Saida Mirziyoyeva: “Biz jadidlarning ta’lim borasidagi g‘oyalarini hayotda qo‘llashga intilmoqchimiz”

11 dekabr – Toshkentda jadidlar faoliyatiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan konferensiyaning birinchi kunida O‘zbekiston prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqib, ta’lim sifatini oshirish, xotin-qizlarga keng imkoniyatlar yaratish va alifboni isloh qilish zaruratiga to‘xtalib o‘tdi.

“Turkistonlik jadidlar o‘z ma’rifatchilik g‘oyalarini faqat yangi usul maktablari orqaligina amalga oshirish mumkinligini anglagan edilar. Ular yangi usul maktablari uchun ta’lim dasturi ishlab chiqish, darsliklar nashr qilish, uni mavjud maktablarga joriy qilishga kirishganlar. Bugun biz aynan shu g‘oyalarni hayotda qo‘llashga intilmoqchimiz.

So‘nggi yillarda boshlang‘ich sinflar uchun yangi maktab darsliklari hamda zamonaviy o‘quv metodikasi joriy qilindi. maktablardagi kompyuter xonalari butunlay yangilanmoqda. O‘qituvchilar paxta qulligidan mutlaqo ozod qilinib, ularning huquqlari qonun bilan mustahkamlandi. Har qanday majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan jazo belgilandi.

Bu yildan boshlab ilk bora xorijiy til egalari maktablarda bolalarimizga chet tillaridan dars bermoqda. Va bu jarayon yildan yilga kengayib boradi.

Ayniqsa, xotin-qizlarning bilim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilishi prezident siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Fitrat aytganidek, o‘zbek xotin-qizlari – millat onalaridir. Ular tarbiya, ilm olishlari lozim hamda axloq va bilimlarini kamolga yetkazishlari zarur.

Men ta’lim olish uchun Yevropaga borgan, o‘z yurtiga qaytgach, nohaq ayblovlar bilan qiynoqqa solingan, turli azob va sinovlarga qaramay ruhi sinmagan, jadidlar izdoshi Maryam Sultonmurodovani eslab o‘tmoqchiman. Uning matonati, qat’iyati, boshiga qanday og‘ir kunlar tushmasin, hayotini vatan va millat xizmatiga bag‘ishlagani barchamizga ibrat maktabi bo‘la oladi.

Bugun shu fursatdan foydalanib, barcha xotin-qizlarimizni hayotda faol bo‘lishga, bilim olishga, o‘z ustilarida ishlashga, Maryam kabi hech nimadan qo‘rqmay, aniq maqsad sari harakat qilishga chaqiraman. Chunki bugun O‘zbekistonda ilm-ma’rifatga intilish xavf emas, balki ehtiyojdir. Bugungi O‘zbekistonga ana shunday Maryamlar kerak”, – dedi Saida Mirziyoyeva.

Mirziyoyeva keng jamoatchilikni umumiy g‘oyalar atrofida birlashib, mamlakat rivoji uchun harakat qilishga chaqirdi.

“Biz o‘tmishda juda ko‘p xatolar qildik. Yurt ravnaqi, millat taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilganlarni xor qildik. Ziyolilarni, jadidlarni qirib, o‘qituvchilarni qulga aylantirdik. Tarixda yo‘l qo‘yilgan bu xatolar hali uzoq vaqt o‘z ta’sirini ko‘rsatsa kerak, menimcha. Lekin bir narsa aniq: ushbu xatolarni tuzatish uchun bugun siyosiy iroda, imkoniyat va sharoit bor.

Agar biz bu imkoniyatni qo‘ldan boy bersak, umumiy g‘oyalar atrofida birlashmasak, oddiy qilib aytganda, bir kuch, bir musht bo‘lib harakat qilmasak, kelajak bizni kechirmaydi”, – dedi prezident yordamchisi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat