08:50 / 13.12.2023
183

Huquq tartibot organlari va ijtimoiy infratuzilma xizmatlari 24 soatlik ish tartibiga o‘tkaziladi

Huquq tartibot organlari va ijtimoiy infratuzilma xizmatlari 24 soatlik ish tartibiga o‘tkaziladi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12 dekabr kuni qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha vazifalarning bajarilish holati muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda ayrim hududlarda energetika tizimida kuzatilayotgan muammolar muhokama qilindi. Prezident ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarga alohida e’tibor qaratdi.

Masalan, Namangan viloyatidagi gaz quyish shoxobchalarida gaz kamaygan. Andijon viloyatining Baliqchi, Paxtaobod, Marhamat va Andijon tumanlarida havo sovushi bilan elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar ko‘paygan. Qashqadaryo viloyati G‘uzor va Kasbi tumanlarida elektr ko‘p o‘chayotgani ma’lum qilingan.

Davlat rahbari bunday kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida oldini olish lozimligi yana bir bor ta’kidlab o‘tdi. Elektr tarmoqlari va gaz ta’minoti mutasaddilariga avariya brigadalarini shay holatga keltirib, tunu kun ishlashini ta’minlash, zarur vosita va materiallar zaxirasini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bu yil ko‘mir ta’minotida ham yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. Hududlardagi omborlarda turgan ko‘mirni aholiga va ijtimoiy sohaga yetkazilishini kundalik nazoratga olish, isitish tizimi davlat-xususiy sherikka o‘tkazilgan obyektlarda zarur ko‘mir zaxirasini yaratish kerakligi aytildi.

Energiya resurslaridan oqilona foydalanish, qonunga xilof holatlarni cheklash muhimligi ham ko‘rsatib o‘tildi.

Bugundan boshlab barcha huquq tartibot organlari va ijtimoiy infratuzilma xizmatlari 24 soatlik ish tartibiga o‘tishi belgilandi.

Yig‘ilishda Yangi yil bayrami oldidan aholi farovonligi uchun sharoitlarni yanada yaxshilash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Madaniy tadbirlar yuqori darajada o‘tkazilishi, ko‘ngilochar dasturlar va xizmatlarni ko‘paytirilishi qayd etildi. Shuningdek, bozorlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etiladi. Narx-navolarni asossiz oshirishga urinish Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi.

Shuningdek, jamoat transportlarining barqaror qatnovini ta’minlash, metro va avtobuslarda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi. Bekatlarda sharoitlarni yaxshilash, yo‘llarni tozalash va harakat xavfsizligini oshirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilishda qishga tayyorgarlik bo‘yicha Hukumat komissiyasi va boshqa mutasaddilarning hisoboti eshitildi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat