Foto: Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik bloger Toshkent teleminorasining taqiqlangan eng yuqori qismiga chiqqani aks etgan video tarqaldi. Toshkent teleminorasi ma’muriyatining ma’lum qilishicha, bu 2022 yilda sodir bo‘lgan.
Ma’muriyatga ko‘ra, teleminoraning taqiqlangan qismiga chiqqan bloger rossiyalik bo‘lib, video uning “Gopro” kamerasida tasvirga olingan. Klimbing (tirmashib chiqish) sporti bilan shug‘ullanib, shu yo‘nalishda videolar tasvirga oladigan bloger aslida teleminoraning “Alvon” zali – restoran qismiga ovqatlanish uchun chiqqan. So‘ngra u yerdan tashqaridagi temir konstruksiyalariga osilib, hayot uchun xavfli holatda machtachilar foydalanadigan maxsus narvonlar orqali yuqoriga ko‘tarilgan.
Bloger tarqatgan videotasvirlar 2022 yilda olingan bo‘lib, uning Instagram'dagi sahifasiga 2024 yil yanvar oyida joylangan.
Qo‘shimcha qilinishicha, hozirgi kunda teleminoraning taqiqlangan qismlari zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda qat’iy nazoratga olingan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring