date
views 134

Toshkentda aholi uchun issiqlik tariflarini oshirish taklif qilindi

Toshkentda aholi uchun issiqlik tariflarini oshirish taklif qilindi
Toshkent shahrida aholi uchun issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflarini oshirish taklif qilinmoqda. Veolia Energy Tashkent kompaniyasi direktori Alisher Xayitmetov 8 fevral kuni xalq deputatlari shahar kengashi yig‘ilishida shunday taklif bilan chiqdi, deb yozadi “Gazeta.uz”.

Aholi uchun tarif 1 Gkal uchun 91 960 so‘mdan 105 754 so‘mgacha oshirilishi rejalashtirilgan.

Hozirgi kunda asosiy tarif [issiq suv uchun] 664 ming so‘mni tashkil etadi. Buning 14 foizini, ya’ni 91 960 so‘mini aholi to‘laydi. Qolgan 570 ming so‘mi mahalliy budjetdan subsidiya shaklida ajratilgan. Mahalliy budjetga yukni kamaytirish uchun [tarifni] 15 foizga oshirish va 105 754 so‘m etib belgilash taklif qilinmoqda. Shunda aholi bazaviy tarifning 16 foizini to‘laydi”, — deydi Xayitmetov “Yoshlar” telekanali reportajida.

Deputat Naima Jabborova krandan sovuq suv kelayotgani, uning isishi uchun uzoq kutishga to‘g‘ri kelayotganidan shikoyat qilgan. U sovuq suv oqimini hisobga oladigan hisoblagichlarni o‘rnatish va’dalarini eslatgan, shuningdek, issiq suvning sifatsizligi haqida gapirib, hali ham “sariq suv” oqayotganini ta’kidlagan. Alisher Xayitmetov muammolar borligini tan olib, ularni 1−2 yil ichida hal qilib bo‘lmasligini, biroq bu borada ish olib borilayotganini qayd etgan.

Yana bir deputat Husniddin Ergashev Veolia kompaniyasini yuqori baholab, ushbu kompaniya faoliyat yuritayotgan hududlarda aholi ko‘rsatilayotgan xizmatlardan mamnun ekanini ta’kidlagan. U kompaniyani quvurlarni ta’mirlash va issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun ko‘proq mablag‘ ajratishga chaqirgan.

2023 yil yakuniga ko‘ra, yuridik shaxslar uchun issiqlik ta’minoti xizmatlari tariflari 1,5 baravarga, budjet muassasalari uchun esa 1,6 barobarga oshgandi. O‘shanda aholi uchun tarif o‘zgarishsiz qolgandi, Veolia Energy kompaniyasining issiqlik ta’minoti uchun bazaviy tarifi 67,3 foizga — 664 465 so‘mga oshgan.

Avvalroq tariflar o‘rtasidagi farq Toshkent budjetidan (ba’zan respublika budjetidan) subsidiyalar hisobidan qoplanadi, ya’ni narxlar ko‘tarilishi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan, bilvosita — ularning soliqlari hisobiga ta’sir qilishi aytilgandi. 2023 yilda issiqlik ta’minoti korxonalarining yo‘qotishlarini qoplash uchun davlat budjetidan 1,8 trillion so‘m, 2024 yilda esa 4,5 trillion so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda aholi uchun issiqlik tariflarini oshirish taklif qilindi