12:11 / 06.03.2024
597

Farg‘onada ota va o‘g‘il ichki ishlar organi xodimlari tomonidan kaltaklandi

Farg‘onada ota va o‘g‘il ichki ishlar organi xodimlari tomonidan kaltaklandi
Foto: Facebook / Abdurakhmon Tashanov
Uchko‘prik tumani IIBda ota va uning o‘g‘li IIO xodimlari tomonidan kaltaklangan. Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebook'dagi sahifasida ma’lum qildi.

Tashanovga ko‘ra, 4 mart kuni tungi soat 23:30 larda Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani IIBga olib kelingan 1973 yilda tug‘ilgan Husanboy Jumaboyev va uning 1999 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Adhamjon Muhammadjonov IIBning jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan shafqatsizlarcha kaltaklangan. Qiynoq natijasida boshi yorilgan, tanasi momataloq bo‘lgan Husanboy Jumaboyev o‘zining nima sababdan chaqirilgani, nima sababdan kaltaklanganini ham bilmaydi.

Qo‘liga kishan solinib, 4 nafar IIB xodim tomonidan shafqatsiz qiynoqqa solingan Adhamjon Muhammadjonov esa muqaddam Jinoyat kodeksining 104-moddasi bilan sudlanib, axloq tuzatish ishlariga jalb qilingan”, deb yozadi Tashanov.

Meni profilaktik suhbat uchun taklif qilishgandi. Otam birga qo‘shilib kelgandi. Ikkimizni ham sababsiz urib tashlashdi. Otamning ahvoli yomon, hozir ko‘p joyga shikoyat berdik”, degan Adhamjon Muhammadjonov.

Mazkur holatga rasmiy munosabat bildirgan Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati ota va o‘g‘ilning o‘zini aybdor qildi. Viloyat IIB talqiniga ko‘ra, ota va bola Uchko‘prik tumani IIBga o‘zlari kelib, janjal chiqarishgan.

Joriy yilning 4 mart kuni Uchko‘prik tumani IIB xodimi M.E. Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganligi uchun sud tomonidan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan Katta Kenagas qishlog‘ida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan mahkum M.A.ning tunda cheklovga amal qilayotganligini IIVning tegishli buyruq talablari asosida tekshirish uchun xolislar ishtirokida soat 23:00da uyi yoniga borib, uyida ekanligi sababli profilaktik suhbat o‘tkazgan.

Biroq, mast holda bo‘lgan fuqaro M.A. (asos narkologiya dispanseri ma’lumotnomasi) IIO xodimining harakatidan norozi bo‘lib, shu kuni soat 23:30larda otasi X.J. bilan birga tuman IIBga o‘zlari kelib, (IIO xodimlari ularni chaqirtirmagan) asossiz ravishda uning uyiga kelib profilaktik suhbat o‘tkazgan IIO xodimi M.E.ni mast holatda xizmat olib bormoqda, deb IIB binosiga belgilangan qoidalarga amal qilmasdan kirishmoqchi bo‘lishganida, ma’muriy binoning nazorat-o‘tish joyida xizmat olib borayotgan IIO xodimi E.A. tomonidan belgilangan tartib-qoidalarga amal qilishlari kerakligi tushuntirilganda, qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, asossiz ravishda baqir-chaqir qilishib, haqoratli so‘zlar ishlatishib, xodimga tashlanishgan vaqtda, ularning noqonuniy xatti-harakatlari IIO to‘g‘risidagi qonun va me’yoriy buyruq talablari asosida to‘xtatilib, holat bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Ammo ushbu fuqarolar IIO xodimlari ularni urib, tan jarohati yetkazganligi haqida tuman tibbiyot bo‘limiga murojaat qilishgan
”, deyiladi viloyat IIB rasmiy munosabatida.

Qo‘shimcha qilinishicha, narkologiya dispanserining shu kungi ma’lumotnomasida IIO xodimi M.E.da alkogoldan mastlik holati aniqlanmagan.

Hozirda holat yuzasidan Uchko‘prik tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat