date
views 250

Perfectum xususiylashtirilgani ma’lum bo‘ldi

Perfectum xususiylashtirilgani ma’lum bo‘ldi
Foto: Perfectum
Perfectum uyali aloqa operatori xususiylashtirilgan. Bunga “Pik skartarisa” Telegram-kanali muallifi Timurmalik Elmurodov e’tibor qaratdi.

Korxona va tashkilotlar reyestriga ko‘ra, bugun, 15 mart holatiga (9 yanvar holatida ham shunday bo‘lgan), Perfectum operatorining yuridik shaxsi – “Rubicon Wireless Communication” MCHJning 100 foiz ulushi Abdumalik Valijonovich Iminovga o‘tgan. Kompaniya rahbari – Dmitriy Shukov.

Perfectum kompaniyasi xususiylashtirilishi 2020 yil 27 oktyabrdagi prezident qarorida belgilangan, kompaniya avvaliga investitsiyaviy jozibadorligini oshirib, keyin sotiladigan davlat aktivlari ro‘yxatiga kiritilgandi. O‘sha vaqtda kompaniyaning 65 foiz ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, 35 foizi esa AQSHda ro‘yxatdan o‘tgan “Amis Protrade International” kompaniyasiga qarashli edi.

Shundan keyin o‘tgan davr mobaynida Perfectum'dagi davlat ulushlarini sotish bo‘yicha ochiq tanlov e’lon qilinmadi, kompaniya xususiylashtirilgani haqida ham xabar berilmadi. Kun.uz bu borada Davaktivga so‘rov yubordi.

Perfectum rasmiy saytida kompaniya nomi 2023 yil 12 dekabrdan “RWC” MCHJga o‘zgartirilgani ma’lum qilingan. 2023 yil kuzida oktyabrida kompaniya keng ko‘lamli transformatsiyani e’lon qilgan, rahbarlik lavozimiga Dmitriy Shukov tayinlangan edi, u muqaddam O‘zbekistonda MTS va Beeline aloqa operatorlarini ham boshqargan.

RWC'ning egasiga aylangan Abdumalik Iminov 2023 yil iyul oyi holatiga ikkita MCHJda – “Ravnaq-Omad-Biznes” (savdoni tashkil qilish uchun maydonlarni ijaraga berish va boshqarish) va “Sirdaryo Ko‘mir Invest”da (ixtisoslashmagan ulgurji savdo) ulushlarga ega bo‘lgan, keyinchalik ta’sischilar tarkibidan chiqqan.

Perfectum – oxirgi haftalarda noshaffof tarzda sotilgani ma’lum bo‘lgan yirik davlat aktivlaridan uchinchisi bo‘ldi.

Davaktiv bu xususiylashtirish jarayonlari borasida hozirga qadar ma’lumot bermadi, agentlikka yuborilgan OAV savollarini javobsiz qolmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va boshqa organlardan ham izoh bo‘lmadi.

Shu tariqa, O‘zbekistonda mobil aloqa xizmatlari bozorida xususiy operatorlar soni uchtaga yetgan: Beeline (“Unitel” MCHJ), Humans (“Humans” MCHJ) va Perfectum. Bu bozorda to‘liq davlatga qarashli Uzmobile (“O‘zbektelekom” AK) va Mobiuz (“Universal Mobile Systems” MCHJ) hamda davlat ishtirokidagi Ucell (“Coscom” MCHJ) ham faoliyat yuritadi.

Yuqorida qayd etilgan hujjat – prezidentning 2020 yil 27 oktyabrdagi qarorida Perfectum'dan tashqari UMS aloqa operatori ham xususiylashtirilishi belgilangan. Davlat rahbarining 2022 yil 18 martdagi qarori bilan, UMS'dagi davlat ulushini 2023 yil 1 aprelgacha sotish vazifasi topshirilgan. Bugun, 2024 yil 15 mart holatiga kompaniyaning 100 foiz ulushi Raqamlashtirish vazirligiga tegishli.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Perfectum xususiylashtirilgani ma’lum bo‘ldi
-->