19:32 / 02.06.2024
38

Qatar Airways O‘zbekistonga muntazam parvozlarni boshladi

Qatar Airways O‘zbekistonga muntazam parvozlarni boshladi
Qatar Airways 2 iyundan Doha—Toshkent—Doha yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ydi.

Foto: Transport vazirligi matbuot xizmati
Transport vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, dastlabki bosqichda haftasiga 4 marta — dushanba, seshanba, payshanba va shanba kunlari parvozlar amalga oshiriladi. Keyingi bosqichda esa reyslar har kuni qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Foto: Transport vazirligi matbuot xizmati

Foto: Transport vazirligi matbuot xizmati
2021 yilning iyunida O‘zbekiston va Qatar hukumatlari o‘rtasida “Havo qatnovi to‘g‘risida”gi bitim imzolanib, unda Doha—Toshkent—Doha yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgandi. O‘sha yilning sentyabrida aviakompaniya O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarini amalga oshirish uchun ruxsatnoma oldi.

Dohadan Toshkentga birinchi reys 2022 yil 17 yanvar kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgandi. Ammo parvozlar noma’lum muddatga kechiktirildi.

2023 yilning iyunida Qatarning O‘zbekistondagi elchisi Hasan Hamza Asad Muhammad Hoshim Transport vaziri Ilhom Mahkamov bilan uchrashuvda Qatar Airways Doha—Toshkent—Doha yo‘nalishida aviaqatnovlarni amalga oshirish bo‘yicha kompaniya ichki tartiblarini ishlab chiqayotganini ma’lum qildi.

2024 yilning fevralida Uzbekistan Airports birinchi parvoz 2024 yil 2 iyunga belgilanganini e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, bugun 2024 yil 2 iyun kuni soat 10:28 da Qatar Airways aviakompaniyasiga tegishli Airbus 320 samolyoti Doha aeroportidan havoga ko‘tarilgan va soat 13:30 da Toshkent aeroportiga qo‘ngan. Parvoz vaqti 3 soatni tashkil qilgan.

Ta’kidlanishicha, Doha – Toshkent – Doha yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchi qatnovlari haftasiga to‘rt marta – dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari Airbus 320 samolyotlarida amalga oshiriladi.

Qatar Airways aviakompaniyasining sharqiy hududlar bo‘yicha bosh vitse-prezidenti Marvan Koleylat kelgusida Dohadan Samarqand va Buxoro shaharlariga ham muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan.

Qatar Airways — bosh qarorgohi Dohada joylashgan Qatar milliy aviakompaniyasi. Aviakompaniya dunyo bo‘ylab 170 dan ortiq yo‘nalishlarga parvoz qiladi. Ushbu aviakompaniya ko‘plab nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritgan va Skytrax tomonidan yetti marta dunyoning eng yaxshi aviakompaniyasi deb topilgan.

Qatar Airways kompaniyasi bosh ijrochi direktori Badr Muhammad al-Miyr O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida do‘stona aloqalarni shakllantirishda davlatlarni bog‘lab turadigan aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish juda muhim ekanini aytgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qatar Airways O‘zbekistonga muntazam parvozlarni boshladi