Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Tadbirda Mo‘g‘ulistonning MCS Investment, Mongol Basalt, Tavan Bogd Group, Asia Pharma, Khanbogd Cashmere, Erdenezoo Trans, ICT Group, ORDGEO, LBH Technology, NCD Group, Mega Wood, Modern Nomads kabi yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomonidan Basalt Uzbekistan, BMB Holding, New Way Industries, Panaev Farms, Ezel Central Asia, Azia Metall Prof, «Jizzax Jun», Procab va boshqa xususiy kompaniyalar qatnashdi.
Ta’kidlanishicha, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan bunday formatdagi uchrashuv Mo‘g‘uliston bilan ilk bor o‘tkazildi.
O‘zbekiston Prezidenti mo‘g‘ulistonlik yetakchi ishbilarmonlarni va ularning o‘zbekistonlik sheriklarini samimiy qutlar ekan, Mo‘g‘uliston Prezidentining O‘zbekistonga ilk davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlik tarixida muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor alohida ta’kidladi.
– Bu sizning O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlashga qaratilgan qat’iy intilishingizni va alohida e’tiboringizni yana bir bor tasdiqlaydi, – dedi mamlakatimiz rahbari.
Bo‘lib o‘tgan mazmunli va konstruktiv muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikning barcha jihatlari atroflicha ko‘rib chiqilgani, mavjud zaxiralar tahlil qilingani va yangi o‘sish nuqtalari aniqlangani qayd etildi.
– Biz mavjud salohiyat va imkoniyatlardan deyarli foydalanmayotganimizni ta’kidladik. Shu munosabat bilan yaqin yillarda o‘zaro savdoni, eng avvalo, xaridorgir mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish orqali karrasiga oshirish vazifasini qo‘ydik, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Bular – Mo‘g‘ulistonga oziq-ovqat, o‘g‘itlar, dori-darmonlar, maishiy texnika, plastmassa va rezina, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik va poyabzal mahsulotlarini eksport qilish, shuningdek, yurtimizga go‘sht va go‘sht mahsulotlari, teri, jun va boshqa tayyor mahsulotlarni import qilish.
Tez fursatda Mo‘g‘uliston va O‘zbekistonda savdo uylarini ochish va ikki mamlakat poytaxtlarida sanoat ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim va bozorlarga kirishni yengillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlashga kelishib olindi.
Mamlakatimiz rahbari mo‘g‘ul kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi.
Ikki davlat iqtisodiyotining bir-birini samarali to‘ldirishga qodir sohalarida o‘rta muddatli kooperatsiya dasturini qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgani qayd etildi.
Bu, birinchi navbatda, geologik qidiruv, boy xomashyo resurslarini o‘zlashtirish va qayta ishlash sohalarida hamkorlik o‘rnatishni o‘z ichiga oladi.
Mazkur strategik sohada birinchi yirik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlanadi.
O‘zbekiston, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va turdosh tarmoqlarda Mo‘g‘uliston bilan kompleks hamkorlikni rivojlantirish niyatida. Qoraqalpog‘iston, Namangan viloyati va boshqa hududlarda chorvachilik majmualarini barpo etish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Bundan tashqari, Mo‘g‘ulistondan chorva, go‘sht va uni qayta ishlash mahsulotlarini import qilish hamda to‘qimachilik va tayyor qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilishga o‘zaro qiziqish bildirildi.
Bu yo‘nalishdagi hamkorlik doirasida «Halol» standartiga mos go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma klasterlar, jun va terini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Tomonlar xususiy biznes tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Bu borada ishbilarmon doiralari tomonidan ilgari surilgan yangi biznes g‘oyalari, jumladan, Toshkentda diagnostika markazini ochish, bazaltni qayta ishlash, yengil sanoat, raqamlashtirish, farmatsevtika va boshqa sohalardagi loyihalar qo‘llab-quvvatlandi.
Sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yil oxirigacha investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish va soliqqa tortish tamoyillari bo‘yicha asosiy bitimlar qabul qilinadi.
Yetakchilar qo‘shma Ishbilarmonlar kengashining tashkil etilishini olqishladilar. Yangi tashabbuslarni ishlab chiqish uchun yaqinda uning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Tashrif davomida havo va xalqaro avtomobil aloqasi bo‘yicha bitimlar imzolandi, bu ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va ishbilarmonlik almashinuvlarini faollashtirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Transport vazirlariga yuk tashish xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish, qonun ustuvorligi va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va JSTga qo‘shilish jarayonini faollashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mo‘g‘ulistonlik ishbilarmonlarga yurtimizda ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga tayyor ekanini aytdi.
O‘z navbatida, Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux erishilgan kelishuvlar hamda O‘zbekistonda investorlar va tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholab, biznes vakillarini faol hamkorlikka va yangi loyihalar bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishishga chaqirdi.
Fikr almashish chog‘ida Mo‘g‘uliston tadbirkorlari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ahamiyatini va mamlakatda yaratilayotgan qulay investitsiyaviy va biznes muhitini yuqori baholadilar.
Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflar berildi. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi