20:35 / 08.07.2024
314

“Azizim” qo‘shig‘i orqali tanilgan Jasurbek Jabborov Parkinson kasalligidan qanday tuzalganini aytdi

“Azizim” qo‘shig‘i orqali tanilgan Jasurbek Jabborov Parkinson kasalligidan qanday tuzalganini aytdi
“Azizim”, “Shahnozalar”, “Kelasanmi” qo‘shiqlari bilan muxlislar qalbidan joy olgan xonanda Jasurbek Jabborov to‘rt yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor “Daryo” muxlislari uchun intervyu berdi. Xushovoz xonanda Parkinson kasalligiga chalingan edi. U Hindistonda murakkab operatsiyani boshdan o‘tkazib, kasallik davri qanday kechgani haqida so‘zlab berdi.

Menda bu kasallik boshlanganiga sakkiz yil bo‘ldi. Avvaliga o‘ng tarafimdan boshlandi, depressiyaga tushib qolardim. Hech kimga bildirmay o‘zim shifokorga tekshirtirib yurdim. Dorilar ta’sir qilmadi, kasallik kuchayib ketaverdi, 4-5 yil uydan chiqolmay qoldim. Shukrlar bo‘lsin, oxiri baribir yengib o‘tdim, — deydi Jasurbek Jabborov.

Oilam chet elga olib borib davolatamiz, deyishganda yo‘q degandim. Sababi muolajalar u yerda arzon emas, bilasiz. O‘zimizda davosi topilmagach, Hindistonga borib faqat muolaja olib qaytmoqchi bo‘ldim. Operatsiya rejada umuman yo‘q edi. Lekin operatsiya qilishdi, hozir ancha yaxshiman.

Qashqadaryodan to‘ydan qaytayotganimizda avtohalokatga uchradik, juda qattiq qo‘rquv bo‘ldi. Shundan to‘rt oy o‘tib kasallik boshlandi. “Atirgullar ochdi chiroy”ni yozgandik, 2015 yillar edi. Ertalabdan o‘ng tarafimda qaltiroq boshlanardi. Doktorlar avvaliga tashxis qo‘yisholmadi, keyin Parkinson kasalligi deyishdi. Unga hali davo topilmagan ekan, ishongimiz kelmadi. Parkinson ko‘pincha 50 yoshdan oshganlarda kuzatilarkan, lekin menda avtohalokatdagi qo‘rquv tufayli bo‘ldi deb o‘ylayman. Chunki ro‘paradagi mashina bilan qarama-qarshi kelib qolgandik
, — deydi xonanda.

Boshidan o‘tgan tabib deganlaridek, bu kasallik bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ketdim desam ham bo‘ladi (kulib). Internetda qanday ma’lumot bo‘lsa hammasini o‘qib chiqdim. Parkinsonning davosi faqat operatsiya, vaqt o‘tkazmasdan operatsiya qilish kerak, chunki juda tez rivojlanadi. Menda kasallik shunchalik kuchayib ketdiki, ovqat yeyishga, chaynashga qiynaldim. Allohga shukr, sog‘lig‘imni qaytarib berdi. Bu tuzalganimdan keyingi tarixda qoladigan suhbat bo‘lyapti, — deydi Jasurbek Jabborov.

Operatsiya tugab, narkoz tarqaganidan keyin ham bir oy shifokorlar nazoratida bo‘ldim. San’atkor ekanligimni bilib u yerda meni “singer, singer” deb yurishdi (kulib). Shifokorlar ham bir-biriga meni ko‘rsatib, operatsiyadan zo‘r chiqdi, juda muvaffaqiyatli o‘tdi, deyishardi. Chunki ko‘pchilikda mimikalar qotib qolish holati ham bo‘larkan. Buning barchasi Allohdan, xalq duosidan, dedim. Ishonasizmi, muxlisim Gruziyadan Hindistonga ko‘rgani kelib, “Atirgullar ochdi chiroy”ni aytib berdi. Xalqimiz duodan to‘xtamadi, juda xursand bo‘ldim, — deydi san’atkor.

“Atirgullar ochdi chiroy” qo‘shig‘ini sakkizta davlat — qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston qo‘shiqchilari, uyg‘ur qardoshlarimiz, Tojikiston va Hindiston san’atkorlari kuylagan. Qo‘shiq ustoz san’atkor Kozim Qayumovga tegishli.

Xalqdan yordam so‘rash fikri tarjimonimizdan chiqdi. Videolarim tarqalgach 12 kun ichida 40 ming AQSH dollari yig‘ildi. Xonandalar ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida videoni xalqqa yetkazishda hissa qo‘shdi, — deydi Jasurbek Jabborov.

Xonanda unga xalq beminnat yordam qo‘lini cho‘zganidan minnatdor ekanligini aytdi. Ukasi bilan birgalikda o‘zi ham yordamga muhtoj bolalar davolanishi, operatsiya xarajatlarini qoplashda xayriya guruhi tashkil qilgani haqida ma’lum qildi.

Ijodga qaytish niyatim bor, lekin yana bir oz vaqt kerak. Raqobat kuchli, yaxshilab tayyorgarlik ko‘rganimdan so‘ng qo‘shiq kuylayman. Xalq ko‘p kutdi, shunga yarasha ijod namunasi tayyorlash kerak-da. Tilagim, hamma sog‘ bo‘lsin, hech kim hech qachon dard chekmasin, — deydi xonanda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Azizim” qo‘shig‘i orqali tanilgan Jasurbek Jabborov Parkinson kasalligidan qanday tuzalganini aytdi